12:00 / 23.10.2015
5042

O‘zbekiston-Yaponiya: Strategik hamkorlikni chuqurlashtirish yo‘lida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning taklifiga binoan Yaponiya Bosh vaziri Shindzo Abe 2015 yil 24-26 oktabr kunlari rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda bo‘ladi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi xabar qildi.
Oliy darajadagi uchrashuv va muzokaralar chog‘ida O‘zbekiston va Yaponiya hamkorligini yanada rivojlantirishga oid keng ko‘lamli masalalarni, mintaqaviy va xalqaro siyosatga doir dolzarb muammolarni muhokama qilish rejalashtirilgan.

Tashrif yakunlari bo‘yicha tomonlarning Qo‘shma bayonoti qabul qilinishi, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy-texnikaviy va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan hukumatlararo, idoralararo va boshqa ko‘plab hujjatlar imzolanishi mo‘ljallangan.
“Jahon” axborot agentligining ma'lum qilishicha, Yaponiya O‘zbekistonning muhim va ishonchli hamkorlaridan biri hisoblanadi. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqalar 2002 yilda imzolangan Do‘stlik, strategik sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi qo‘shma bayonot doirasida rivojlanib bormoqda.

Oliy darajadagi samarali siyosiy muloqot o‘zaro hamkorlikning muvafaqqiyatli taraqqiyoti uchun zamin yaratadi. Prezident Islom Karimovning 2011 yil fevral oyida Yaponiyaga qilgan rasmiy tashrifi o‘zbek-yapon munosabatlariga katta turtki bergani holda yangi amaliy mazmun bilan boyitdi. Tashrif yakunida savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, moliyaviy-texnikaviy va boshqa sohalarni qamrab oluvchi hujjatlar to‘plami imzolandi. Bugungi kunda ikki tomonlama munosabatlarning shartnomaviy-huquqiy asosini 140 dan ziyod hujjatlar tashkil qiladi.

Xalqaro tashkilotlar va institutlar doirasida ham konstruktiv hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. O‘zbekiston BMT Xavfsizlik kengashi doimiy a'zoligiga Yaponiya nomzodini izchil qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. O‘z navbatida, rasmiy Tokio Toshkentning xalqaro tashabbuslarini ma'qullamoqda.
Yaponiya mamlakatimizning muhim savdo hamkorlaridan biri hisoblanadi. 2014 yilda o‘zaro tovar aylanmasi qariyb 190 million AQSh dollarini tashkil qildi. Biroq mazkur ko‘rsatkichlar ikki davlat o‘rtasidagi mavjud salohiyatni to‘la aks ettirmaydi.

Bugun Yaponiya O‘zbekiston iqtisodiyotiga eng yirik sarmoya kiritadigan mamlakatlardan biri sanaladi. Neft-gaz sanoati, transport sektori, telekommunikatsiya, sog‘liqni saqlash, ta'lim, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalardagi ustuvor loyihalar ijrosi uchun ajratilgan jami moliyaviy mablag‘lar miqdori 3,4 milliard AQSh dollaridan oshadi.
2009 yil 24 sentabrda kuchga kirgan “Sarmoyalarni liberallashtirish, o‘zaro himoya qilish va rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi hukumatlararo bitim Yaponiya kompaniyalarining O‘zbekistonga qiziqishini yanada kuchaytirish barobarida o‘zbekistonlik sheriklar bilan uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan mustahkam aloqalar o‘rnatishga xizmat qilmoqda.

Mazkur jarayonda 1994-yilda tuzilgan iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Yaponiya va Yaponiya-O‘zbekiston qo‘mitalari muhim ahamiyat kasb etadi. Joriy yilning yanvar oyida Tokio shahrida o‘tkazilgan mazkur tuzilmalarning XII qo‘shma yig‘ilishi yakuniga ko‘ra, umumiy qiymati 3,8 milliard AQSh dollariga teng bo‘lgan sarmoyaviy, kredit bitimlari va texnik ko‘mak loyihalari to‘plami imzolandi.

Top