08:20 / 24.10.2015
11768

Toshkent metrosi loyihachilari “yengil metro” loyihasi ustida ish olib borishmoqda

Toshkent metrosining Sirg‘ali liniyasi qurilishi bilan “Metroloyiha” loyihalash instituti shug‘ullanmoqda. Bu haqda Uzbekistan Today nashriga “Toshkent metropoliteni” DUK bosh muhandisi Baxtiyor G‘ulomov ma'lum qildi.

“Metroning 4-liniyasini qurish bilan bog‘liq barcha masalalar yuqori turuvchi tashkilotlar tomonidan ko‘rib chiqiladi. Chunki metropoliten qurilishi anchagina mablag‘ talab qiladi, biroq loyiha ishlab chiqarilish bosqichida turibdi. Metroni “Sputnik” mavzesigacha estakada yo‘li bilan olib borilishi rejalashtirilmoqda”, deb aytdi bosh muhandis.   

2014 yilning oktabrida Sirg‘ali tumani hokimi Furqat Maqsudxo‘jayev metro qurilishi loyihasi “Olmazor” stansiyasidan Sirg‘ali mavzesigacha “yengil metro” tizimidagi tezyurar elektr transporti ko‘rinishida qurilishi foydasiga qayta ko‘rib chiqilganini ma'lum qilgan edi, chunki muhandislik-geologik sharoitlar sababli metro qurilishi rejalashtirilgan avvalgi joyda uni qurish murakkablik tug‘diradi. Liniya uzunligi 8 km ni tashkil qiladi.   

Toshkent metrosi yo‘lovchi tashishlarning xavfsizligi, qulaylik va xizmat ko‘rsatishning yuqori madaniyatini kafolatlagan holda O‘zbekiston transport tizimida yetakchi o‘rinlarni egallab kelmoqda. Metro uchta liniya: Chilonzor, Yunusobod, O‘zbekiston liniyalaridan tashkil topgan bo‘lib, umumiy uzunligi 39 km ni tashkil qiladi. Yer osti transportidan har kuni 160-180 ming yo‘lovchi foydalanadi.

Top