11:57 / 25.10.2015
5307

Janubiy Qozog‘istonda umumiy miqdori 25 kilogrammni tashkil qilgan mis tangalar xazinasi topildi

Janubiy Qozog‘istonda arxeologlar XVII asrga tegishli bo‘lgan umumiy miqdori 25 kilogrammni tashkil qilgan mis tangalar xazinasini topishdi. 

Tangalar mahalliy zarbxonada yasalgan. Tangalar orasida Rossiyada Romanovlar sulolasining ikkinchi shohi paytida yasalgan rus tangalari ham topilgan. Olimlarning aytishicha, topilmalar nodirligi tangalarning qadimiyligida emas, balki uning miqdoridadir. Xazina deyarli 300 yil yer ostida saqlangan, deb xabar bermoqda Otyrar.kz nashri.

Arxeologlar tangalarni birma-bir tozalashmoqda. Bunday ko‘p miqdordagi qadimiy tangalar hali topilmagandi. Qadimiy xazina “Sauran” qadimiy shahari hududida bir yerga matoga o‘ralgan holda ko‘milgan bo‘lgan. Arxeologlar uni metall izlovchi yordamida aniqlashdi. Ko‘p tangalarda Georgiy Pobedonosets va Moskva zarbxonasi tasviri bor.

Chimkentdagi tarixiy-o‘lkashunoslik muzeyi xodimi Aysulu Yerjigitovaning aytishicha, tangalar Markaziy Osiyoga mis tangalari yetishmagan mis inqirozi paytida kelib qolgan. Ushbu tangalardan mahalliy tangalar qatorida foydalanilgan. Bunday katta miqdordagi tangalar o‘sha paytlardayoq Rossiya va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida iqtisodiy aloqalar bo‘lganidan darak beradi.

Tangalar yaqin orada muzeyga omma e'tiboriga qo‘yiladi.

Top