19:23 / 25.10.2015
8485

O‘zbekiston va Yaponiya umumiy qiymati 8,5 mlrd dollardan ko‘proq bo‘lgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga kelishib oldi

Yaponiya bosh vaziri Shindzo Abening O‘zbekistonga tashrifi doirasida O‘zbekiston va Yaponiya umumiy qiymati 8,5 mlrd dollardan ko‘proqni tashkil qiladigan qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga kelishib olindi.

“8,5 mlrd dollardan ko‘proq qiymatga ega qo‘shma investitsion loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi, undan Yaponiya mablag‘lari 5 mlrd dollarni tashkil qiladi”, deb aytdi muzokaralar natijalariga ko‘ra Islom Karimov.

Islom Karimovning fikricha, ikki tomonlama uchrashuv natijalariga ko‘ra imzolangan ikki davlat o‘rtasida strategik hamkorlikni chuqurlashtirish va kengaytirish bo‘yicha qo‘shma bayonot ikki davlat o‘rtasidagi aloqalarning jadallik bilan rivojlanayotganining isboti bo‘ldi.

Abe, o‘z navbatida, Yaponiya hukumatining O‘zbekiston bilan ko‘p rejali va o‘zaro manfaatli iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamlashga tayyorligini tasdiqladi.

“Biz O‘zbekiston bilan hamkorligimizni nafaqat ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash sohasida, balki Markaziy Osiyo mintaqasidagi umumiiy masalalarni hal qilish maqsadida davom ettirish niyatidamiz”, deydi Abe. Abe bunday masalalar qatorida transportirovkalash, logistika, giyohvand moddalarni sotish va davlat chegaralarini nazorat qilish masalalarini keltirib o‘tdi. Abe ko‘rsatilgan masalalarni muhokama qilish uchun uchrashuvlar va “Markaziy Osiyo + Yaponiya” ko‘rinishidagi ko‘p tomonlama so‘zlashuvlar muhim maydon bo‘lishini ta'kidlab o‘tdi.

Toshkentda bo‘lib o‘tgan o‘zbek-yapon biznes-anjumani davomida tomonlar yapon kompaniyalarining O‘zbekiston janubida sintetik yonilg‘i zavodi qurilishi, O‘zbekistonning istiqbolli hududlarida neft va gaz qidirish ishlarini o‘tkazishdagi ishtiroki variantlari hamda xomashyo qazib olish, kimyo va elektrotexnika tarmoqlari, avtomobilsozlik, telekommunikatsiya sohalaridagi loyihalarni ko‘rib chiqishdi.

Yaponiya O‘zbekistonning eng yirik investorlaridan biri hisoblanadi. O‘zbekistondagi ustuvor loyihalarni amalga oshirish uchun Yaponiya tomonidan ajratilgan moliyaviy sarmoyalarning umumiy miqdori 2,3 mlrd dollardan oshib ketgan. Bu mablag‘lardan davlat imtiyozli iyena kreditlari liniyasi bo‘yicha 1,5 mlrd dollar, tijorat kreditlari bo‘yicha 700 mln dollardan ko‘proq mablag‘ ajratilgan.

Yaponiya bosh vaziri 26 oktabr kuni tongida O‘zbekistondan Qirg‘izistonga jo‘nab ketadi.

Top