00:06 / 26.10.2015
5215

Toshkentda O‘zbekiston-Yaponiya biznes-forumi bo‘lib o‘tdi

Yaponiya Bosh vaziri Shindzo Abening mamlakatimizga rasmiy tashrifi doirasida 25 oktabr kuni O‘zbekiston va Yaponiya ishbilarmonlarining biznes-forumi bo‘lib o‘tdi.

Forumning ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov va Yaponiya Bosh vaziri Shindzo Abe ishtirok etdi.

Islom Karimov Yaponiya O‘zbekistonning eng ishonchli hamkorlaridan ekanini ta'kidladi. O‘zbekiston bilan Yaponiya o‘rtasidagi hamkorlik barcha sohalarda izchil rivojlanib borayotganini, mazkur biznes-forum savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va ijtimoiy-madaniy sohalardagi aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi.

Shindzo Abe mamlakatlarimiz o‘rtasidagi samarali hamkorlikni yuksak qadrlashini, o‘zaro aloqalarni yanada rivojlantirish tarafdori ekanini alohida qayd etib, O‘zbekiston iqtisodiyoti izchil rivojlanayotganini ta'kidladi.

O‘zbekiston – Yaponiya iqtisodiy munosabatlari savdo-iqtisodiy hamkorlik, sarmoyalarni o‘zaro himoyalash va rag‘batlantirishga oid bitimlar kabi ko‘plab hujjatlarga asoslanadi. O‘zbekistonda Yaponiya sarmoyasi ishtirokida tuzilgan o‘nta qo‘shma korxona, ushbu mamlakatning o‘n ikki kompaniyasi vakolatxonasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular transport, xizmat ko‘rsatish, sayyohlik, sog‘liqni saqlash, mashinasozlik va metallni qayta ishlash, yengil sanoat, eksport-import operatsiyalarini o‘tkazish, sarmoyaviy loyihalar doirasida asbob-uskunalar yetkazib berish kabi yo‘nalishlarda ish olib boradi.

Yaponiya hukumati tomonidan ishlab chiqilgan “Taraqqiyotga rasmiy yordam” dasturi iqtisodiy munosabatlarda alohida o‘rin tutadi. Mazkur dastur doirasida O‘zbekistonga qiymati 140 milliard iyendan ziyod kreditlar taqdim etildi, 22 milliard iyendan ortiq beg‘araz yordam ko‘rsatildi, umumiy qiymati 13 milliard iyendan ziyod texnik hamkorlik loyihalari amalga oshirildi. 2014 yilda elektr energetikasi sohasida Farg‘ona vodiysida yirik issiqlik elektr stansiyasi qurilishini o‘z ichiga olgan “Jupiter” loyihasini amalga oshirishga qaratilgan hukumatlararo bitim imzolandi.

Forumda Yaponiya ishbilarmonlariga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, sohaga sarmoya kiritishning istiqbollari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish omillari, neft-gaz va kimyo sohalaridagi istiqbolli loyihalar, “Navoiy”, “Jizzax” va “Angren” industrial zonalaridagi qulaylik va imtiyozlar to‘g‘risida ma'lumot berildi. O‘zbekiston va Yaponiya ishbilarmonlari hamkorligida turli sohalarda amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalar, ularning ijrosi va istiqboldagi rejalar haqida so‘z yuritildi.

Biznes-forumda savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni, energetika, bank-moliya, axborot texnologiyalari, transport va kommunikatsiyalar, sog‘liqni saqlash, sayyohlik, oziq-ovqat, yengil sanoat, fan-ta'lim sohalaridagi aloqalarni yanada rivojlantirishga oid masalalar atroflicha muhokama qilindi. Kadrlar tayyorlash va mutaxassislar malakasini oshirishdagi hamkorlik masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Anjumanda Yaponiyaning yirik kompaniyalaridan ikki yuzdan ziyod vakil ishtirok etgani ushbu mamlakatning O‘zbekiston bilan hamkorlikni rivojlantirishga qiziqishi naqadar katta ekanidan dalolatdir. “Isuzu Motors”, “Nippon Export and Investment Insurance”, “Dai Nippon Construction”, “Shimizu”, “Chiyoda”, “Mitsubishi”, “Marubeni”, “Toyota Tsushyo”, “Itochu”, “Fujifilm”, “Sakura Global Holding” kabi kompaniyalar vakillari O‘zbekiston bozoridagi o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘yish va mavjud hamkorlikni yanada mustahkamlash niyatida ekanini qayd etdi.

Biznes-forum yakunida energetika, neft-gaz, kimyo, geologiya, bank-moliya, tibbiyot, sayyohlik, qishloq xo‘jaligi, avtomobilsozlik kabi ko‘plab sohalardagi hamkorlikka oid qator hujjatlar imzolandi.

Forum doirasida Yaponiya kompaniyalari faoliyatiga bag‘ishlangan hamda mamlakatlarimiz o‘rtasida iqtisodiy sohada amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalar aks etgan ko‘rgazma tashkil etildi.

Top