22:08 / 26.10.2015
2810

UYeFA bosh kotibi Janni Infantino FIFA prezideni bo‘lmoqchi

UYeFA bosh kotibi Janni Infantino ham FIFA prezidentligi uchun saylovga o‘z hujjatlarini taqdim qildi.

"Men FIFA prezidentligi uchun o‘tkaziladigan saylov uchun nomzod sifatida barcha zarur hujjatlarni topshirdim", deya ma'lum qilgan Infantinoning o‘zi.

U yaqin vaqt ichida bugungi futbol muammolarini qanday qilib hal qilish mumkinligi bayon etilgan o‘z "saylovoldi dasturi"ni taqdim etishini ma'lum qilgan.

"Bu dasturda ko‘plab muhim islohotlar o‘rin olgan. Bu dastur FIFA tarkibidagi barcha uyushmalarga ko‘mak ko‘rsatishni nazarda tutadi", deydi Infantini.

Ma'lumot uchun, Infantino 2009 yildan buyon UYeFA bosh kotibi lavozimida ishlab keladi. Uning mutaxassisligi advokat bo‘lib, 15 yildan buyon UYeFAdan ishlaydi.

Eslatib o‘tamiz, FIFAning yangi prezidenti 2016 yilning 26 fevralida o‘tkaziladigan saylov orqali aniqlanadi.

Nomzodlarni ro‘yxatga olish muddati shu yilning 26 oktabr kunigacha etib belgilangan.

Ma'lumot o‘rnida, FIFA prezidentligi uchun shu vaqtgacha UYeFA prezidenti Mishel Platini, FIFA Ijroqo‘mi sobiq a'zosi Jyerom Shampan, Iordaniya shahzodasi Ali bin Al-Hussayn, Trinidad va Tobago terma jamoasining sobiq futbolchisi Devid Naxid, OFK rahbari, bahraynlik shayx Salmon ibn Ibrohim, Liberiya futbol uyushmasi rahbari Musa Biliti hamda Janubiy afrikalik multimillioner Mosima Gabriel Sevale o‘z nomzodlarini ilgari surishgan.

Top