07:26 / 27.10.2015
1829

Eronda 2015 yilning 9 oyida qariyb 500 tonna giyohvand modda musodara qilindi

Eron xavfsizlik xizmatlari 2015 yilning dastlabki 9 oyida qariyb 500 tonna giyohvand modda musodara qildi. Bu haqda Tehronda Eron ichki ishlar vaziri Abdulro‘z Rahmoni Fazliy “Markaziy Osiyo aksilnarkotik kvinteti” VI yig‘ilishidagi nutqi davomida aytib o‘tdi. Yig‘ilishda Rossiya, Eron, Ozarboyjon, Pokiston va Tojikiston davlatlarining giyohvand moddalarning tarqalishiga qarshi kurashuvchi davlat idoralari rahbarlari ishtirok etdi.

“Joriy yilning dastlabki 9 oy ichidayoq Eron xavfsizlik xizmatlari giyohvandfurushlardan 479 tonnadan ko‘proq giyohvand modda musodara qildi. Shu davr ichida 2 mingdan ko‘proq giyohvandfurush guruhlar yo‘q qilindi. Eron har yili giyohvandfurushlardan tortib olingan 60 tonnadan ko‘proq giyohvand moddalarni yoqib yuboradi. Bu bizning ushbu yovuzlik bilan kurashdagi qat'iyatligimizni namoyon qiladi”, deb aytdi Rahmoni Fazliy.

Vazir keltirib o‘tgan ma'lumotlarga ko‘ra, Eron har yili giyohvandfurushlik va narkotrafikka qarshi kurash uchun 1 mlrd dollar sarflaydi. Bu mablag‘lar shu jumladan chegaralar infratuzilmasini rekonstruksiya qilish, ularni mustahkamlashga sarflanadi.

Top