10:55 / 27.10.2015
2924

O‘zbek-yapon markazi hamdirektori JICA yorlig‘iga sazovor bo‘ldi

O‘zbek-yapon inson resurslarini rivojlantirish markazi (UJC) hamdirektori Salombek Habibullayev Yaponiya xalqaro rivojlanish agentligining (JICA) faxriy yorlig‘i bilan mukofotlandi. 25 oktabr kuni mukofotni Yaponiya bosh vazirining O‘zbekistonga safari vaqtida JICA vitse-prezidenti Kaye Yanagisava topshirdi. Bu haqda "Gazeta.uz" xabar bergan.

Salombek Habibullayev 2010 yil dekabrida UJCni ochishga tayyorgarlik ko‘rila boshlaganidan beri ushbu tashkilotda JICAning texnik hamkorligi doirasida faoliyat ko‘rsatib keladi.

UJC O‘zbekistondagi kichik biznesni rivojlantirish yo‘lida yapon boshqaruv uslubi bo‘yicha amaliy o‘quv kurslari va seminarlar o‘tkazib keladi. Markaz, shuningdek, imkoniyati cheklangan kishilar uchun kompyuter savodxonligi kurslari, yapon tilini o‘rganish va madaniy almashuv bo‘yicha o‘quv kurslari, jumladan, xattotlik, ikebana, origami, choy marosimlari va hk. bo‘yicha mashg‘ulotlar tashkil qiladi.

2011 yildan beri JICAning faxriy yorlig‘i bilan dunyo bo‘yicha 68 kishi mukofotlandi. Habibullayev ushbu mukofotni olgan ilk O‘zbekiston fuqarosi bo‘ldi.

Top