16:30 / 27.10.2015
3220

O‘zbekiston hududida Rossiya kapitali ishtirokidagi 885ta korxona faoliyat ko‘rsatmoqda

27 oktabr kuni O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasida tashkil etilgan O‘zbekiston-Rossiya biznes-forumi va kooperatsion birjasida ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi.

Ushbu biznes-forumda bir qator manfaatdor vazirlik va idoralarning vakillari, o‘zbekistonlik tadbirkorlar hamda shu yilning 25 oktabr kuni O‘zbekistonga tashrif buyurgan Rossiya Federatsiyasi ishbilarmonlar guruhi tomonidan o‘zaro manfaatli takliflar ilgari surildi.

Delegatsiya tarkibiga Rossiya Federatsiyasi veterenariya, energetika, elektrotexnika, metallni qayta ishlash, neft, tekstil, qishloq xo‘jaligi va kimyo sanoati uskunalari bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar vakillari, shuningdek, Rossiya Federatsiyasi Savdo-sanoat palatasi va “EKSAR” Rossiya eksport kreditlari va investitsiyalari sug‘urta agentligi vakillari kiradi.

Bundan tashqari, Rossiya Federatsiyasi diplomatik korpus vakillari, xususan, Rossiya Federatsiyasining O‘zbekiston Respublikasidagi favqulodda va muxtor elchisi Vladimir Lvovich Tyurdenev va Rossiya Federatsiyasining O‘zbekistondagi savdo vakili Mokrousov Andrey Ivanovich ham ushbu tadbirda ishtirok etdi.

Tashrifdan maqsad, IX Xalqaro sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasiga tashrif buyurish va O‘zbek-Rossiya biznes forumi hamda vazirliklar, idoralar, ikki davlat ishbilarmon doiralari vakillari o‘rtasida o‘zaro muzokaralar olib borishdir.

Biznes-forumda ishtirok etgan Rossiya delegatsiyasi ishbilarmon doiralari O‘zbekistonda tadbirkorlikni rivojlantirishga yo‘naltirilgan sa'y-harakatlarni yuqori baholashdi. Biznes-forum doirasida tomonlar o‘rtasida istiqbollarni belgilash, kelgusi hamkorlikning samaradorligini oshirish yuzasidan takliflar bildirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Rossiya Federatsiyasi bilan strategik hamkorlikni kelgusida mustahkamlash, ikki tomonlama manfaatli bo‘lgan ko‘p qirrali savdo-iqtisodiy, investitsion va moliyaviy hamkorlikni kengaytirishga katta e'tibor qaratmoqda.

Rossiya Federatsiyasi O‘zbekiston Respublikasining eng katta tashqi iqtisodiy hamkorlaridan biri sanaladi. Hozirgi vaqtda O‘zbekiston Respublikasi jami savdo aylanmasining 29 foizi, eksportining 36 foizi Rossiya Federatsiyasi ulushiga to‘g‘ri keladi.

Hozirgi kunda O‘zbekiston Respublikasi hududida 885ta Rossiya kapitali ishtirokidagi korxonalar faoliyat ko‘rsatmoqda.

Rossiya Federatsiyasi delegatsiyasi joriy yilning 27 oktabriga qadar O‘zbekistonda bo‘lib, soha rivoji bilan yaqindan tanishadi.

Top