10:23 / 27.10.2015
8395

"O‘zekspomarkaz"da IX Xalqaro sanoat yarmarkasi va kooperatsion birjasi o‘z ishini boshladi

26 oktabr kuni “O‘zekspomarkaz” 6ta ko‘rgazma zali, 2ta atrium, ochiq maydonchalar va konferensiya zallarida IX Xalqaro sanoat yarmarkasi va kooperatsion birjasi ochildi. Bu haqda UzA xabar bergan.

Yarmarkada 50dan ortiq mamlakatdan 1300dan ortiq xorijiy firma va kompaniya vakillari ishtirok etishmoqda.

O‘zbekistondagi 2000ga yaqin korxona, kompaniya va tashkilotlar o‘zlarining mahsulotlari bilan "O‘zekspomarkaz"ning ochiq maydon va pavilionlaridan joy egallashdi. Ular orasida farmatsevtika, metallurgiya, neft va gaz, elektrotexnika va boshqalar bor.

Ushbu yirik sanoat forumi Prezidentimiz Islom Karimovning 2007 yil 12 noyabrdagi «Ichki tarmoq va tarmoqlararo sanoat kooperatsiyasini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni, 2009 yil 1 dekabrdagi «Sanoat kooperatsiyasi asosida tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni chuqurlashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi hamda 2013 yil 29 yanvardagi «Mamlakatimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlarning raqobatdoshliligini yanada oshirish va tovarlarni respublikaga noqonuniy olib kirishga qarshi kurashni kuchaytirish to‘g‘risida»gi qarorlariga muvofiq o‘tkazilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari U.Rozuqulov tadbirning ochilish marosimida mustaqillikning dastlabki yillaridan iqtisodiyotni tarkibiy o‘zgartirish va diversifikatsiya qilish, yuqori texnologiyalar asosida tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish va ularning raqobatbardoshligini oshirish, eksportni kengaytirish mamlakatimizni rivojlantirishning muhim vazifalari sifatida belgilanganini ta'kidladi. Innovatsiyalar va investitsiyalarning keng jalb qilinishi samarasida ishlab chiqarish izchil rivojlanib, mahsulot va xizmatlar jahon bozoriga chiqmoqda.

Har yili an'anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli iqtisodiy islohotlar ijobiy samara berayotganidan dalolatdir. Ushbu tadbir joriy yilda mazmunan yanada boyidi. Bunga qadar o‘tkazilgan hududiy va tarmoqlar sanoat yarmarkalarida tuzilgan shartnomalar, jumladan, eksport bitimlari soni sezilarli ravishda oshdi. Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi direksiyasi ma'lumotlariga ko‘ra, sanoat forumining 4,8 mingdan ortiq mahalliy korxonalar ishtirok etgan dastlabki bosqichi bilan 89 mingdan ziyod kishi, jumladan xorijiy kompaniyalar vakillari tanishdi. Stendlarda namoyish etilgan 22 ming turdan ortiq mahsulotning 710 tasi yangi mahsulotlardir.

2015 yilgi hududiy sanoat yarmarkalarida qiymati 377,5 milliard so‘mlik shartnomalar imzolandi. Bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan 24,5 foiz ko‘pdir. Eksport shartnomalari qiymati esa 180,8 million dollarni tashkil qildi va bu o‘tgan yildagiga nisbatan 8,4 foiz ortiq. Tarmoq sanoat yarmarkalari yakunlari bo‘yicha umumiy qiymati 617,9 milliard so‘mlik, ya'ni o‘tgan yilga qaraganda 5,2 foiz ko‘p shartnomalar imzolandi.

«O‘zekspomarkaz» ko‘rgazma maydonlarida IX Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi doirasida 2 mingdan ziyod firma va kompaniya, yirik sanoat korxonalari 21 ming turdan ortiq mahalliylashtirilgan yoki o‘zlashtirish uchun taklif etilayotgan mahsulotlarni namoyish qilmoqda. Ishtirokchilarning ta'kidlashicha, 2015-2019 yillarda tayyor mahsulotlar, butlovchi qismlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish davlat dasturi hamda 2015-2019 yillarda ishlab chiqarishni tarkibiy o‘zgartirish, modernizatsiya va diversifikatsiya qilishni ta'minlash chora-tadbirlari dasturi import o‘rnini bosadigan mahsulotlar ishlab chiqarish jarayonida muhim ahamiyat kasb etmoqda.

O‘zbekistonning yirik sanoat korxonalari, jumladan, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati stendlari har yilgidek, o‘zining keng ko‘lami bilan ajralib turibdi. Joriy yilda kombinatda Ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturi doirasida qiymati 67 milliard so‘mlik 27 loyiha amalga oshirilmoqda. Ushbu loyihalarda GRAT turidagi nasos, shaxta vagonchasi, sharli tegirmon, gidrosiklon kabi uskunalar va ularning ehtiyot qismlari, shuningdek, mahalliy xomashyoni chuqur qayta ishlash orqali rangli metall mahsulotlari va mis quvur, rux sulfati singari yuqori qo‘shimcha qiymatga ega tovarlar, santexnika buyumlari uchun aralashtirgich, jo‘mrak va kollektorlar ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan.

«O‘zmetkombinat» aksiyadorlik jamiyati rangli metallardan tayyorlangan buyumlar, bazalt plitalar, metiz va boshqa ko‘plab turdagi mahsulotlarni namoyish qilmoqda.

– Stendimizda joriy yilda Ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturi doirasida o‘zlashtirilgan va eksport qilinayotgan, shuningdek, istiqbolda ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan mahsulotlar namoyish etilmoqda, – deydi «O‘zmetkombinat» aksiyadorlik jamiyati Axborot markazi rahbarining o‘rinbosari Akmal Sharipov. – Mazkur sanoat forumida ishtirok etish kelgusi yilgi rejalarni bajarishda va korxonamizning barqaror faoliyat yuritishida muhim omil bo‘lmoqda. Masalan, shu yil o‘tkazilgan hududiy sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasida xomashyo, material va uskunalar xarid qilish bo‘yicha 5,6 milliard so‘mlik, tarmoq sanoat yarmarkasida esa asbob-uskunalar sotib olish va xizmat ko‘rsatish uchun 6,5 milliard so‘mlik, shuningdek, o‘z mahsulotlarimizni sotish bo‘yicha 5,6 milliard so‘mlik shartnomalar tuzdik.

Bu galgi sanoat forumida kimyo va neft-kimyo sanoati korxonalarining keng turdagi ekspozitsiyasi taqdim etilgan. “O‘zbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi stendi ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otmoqda. Kompaniya stendida burg‘ulash va neft-gaz konlari uskunalari uchun ehtiyot qismlar, turli neft quvurlari, armaturalar, nazorat-o‘lchash priborlari, payvandlash materiallari, kimyoviy reagentlar va boshqa ko‘plab mahsulotlarni ishlab chiqarishni tashkil etish imkoniyatlari bilan tanishish mumkin.

“O‘zekspomarkaz”ning ochiq maydonida ko‘plab korxonalar, jumladan, “O‘zavtosanoat” aksiyadorlik kompaniyasining o‘ttizdan ortiq qo‘shma korxonasini o‘z ichiga olgan O‘zbekiston avtomobil sanoati mahsulotlari namoyish etilmoqda.

Samarqand avtomobil zavodi o‘zining 10 turdagi mahsulotini taqdim qilmoqda. Xususan, atmosferaga kam miqdorda zararli gaz chiqaradigan «LE60» shahar avtobusi va «Isuzu NRL» shassisi asosidagi tez tibbiy yordam avtomobili bilan bir qatorda kam yuk ko‘taradigan mashinalar ham namoyish etilayotir. Bundan tashqari, 12 va 16 metrli teleskopik avtominorali maxsus texnika, ko‘cha tozalaydigan «NQR71PL» ixtisolashtirilgan vakuumli mashina ham taqdim etilgan.

«GM-Uzbekistan» namoyish etayotgan yangi mahsulotlar orasida «Labo» yengil avtomobili ham bor. Bugun ushbu kompaniyada o‘n rusumdagi avtomobillar ishlab chiqarilmoqda. Shuningdek, uning tarkibida avtomobillar uchun zarur butlovchi qismlarni tayyorlaydigan o‘nlab zamonaviy korxonalar ham faoliyat yuritmoqda. Ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish jarayonida zavodda qariyb 320ta eskirgan texnika almashtirildi.

Sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasida ekskavator, traktor, tirkama va osma qishloq xo‘jalik texnikalari ishlab chiqaradigan ko‘plab korxonalar qatnashmoqda. «Claas» brendi ostida «Dominator 130» kombayni, «Arion 630C» traktori va boshqa texnika turlarining imkoniyatlarini namoyish qilayotgan «Uz Claas Agro» qo‘shma korxonasi, tuproqqa ishlov beradigan va boshqa turdagi qishloq xo‘jalik texnika vositalarini ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan «Lemken Chirchiq»qo‘shma korxonasi shular jumlasidan.

– Yarmarkada ikki turdagi yangi mahsulot – «AXOS 340» rusumli universal chopiq traktori va g‘o‘za parvarishi uchun mo‘ljallangan yuqori unumli traktorni taqdim etmoqdamiz, – deydi «Uz Claas Agro» qo‘shma korxonasining marketing va savdo bo‘limi boshlig‘i A'zamjon Ozodov. – Ushbu modellar o‘zbekistonlik muhandis-konstruktorlar chizmalari asosida Fransiyaning qishloq xo‘jaligi mashinalari ishlab chiqaradigan korxonalari bilan hamkorlikda tayyorlandi. Bugungi kunda mazkur texnikalar mamlakatimiz dalalarida sinovdan o‘tkazilmoqda. 2017 yilda ularni ommaviy ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda.

“O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi ham sanoat forumining doimiy ishtirokchilaridan biridir. Uning stendida aviakompaniya foydalanayotgan va mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan, shuningdek, mahalliy korxonalarga o‘zlashtirish uchun taklif etilayotgan mahsulotlar namoyish qilinmoqda. Forum qatnashchilari aviakompaniyaning yo‘lovchi va yuk tashish bo‘yicha imkoniyatlari, “Navoiy” aeroportidagi yuk terminalining yuklarga ishlov berish va vaqtincha saqlashga doir xizmatlari bilan tanishishi mumkin.

Shuningdek, «Uzbekistan Airways Technics» aviakorxonasining G‘arb davlatlarida ishlab chiqarilgan samolyotlarga texnik xizmat ko‘rsatish, ularning tarkibiy qismlari, ichki va tashqi tomonini ta'mirlash, shuningdek, barcha turdagi havo kemalarini bo‘yash bo‘yicha xizmatlari namoyish qilinmoqda. Bundan tashqari, «O‘zaeronavigatsiya» markazining mamlakatimiz havo kengliklarida parvozlar harakatini tashkil qilish, meteorologik asbob-uskunalarni texnik kuzatish, tashkilotlar va xorijiy vakolatxonalarga aloqa hamda aeronavigatsiya ma'lumotlarini taqdim etish xizmatlari taklif etilgan.
“O‘zbekengilsanoat” aksiyadorlik jamiyati tarkibidagi korxonalar stendlari ham gavjum. Mamlakatimizning deyarli 130 to‘qimachilik va tikuvchilik-trikotaj korxonasi texnik va aralash matolar, ip o‘rash uchun mo‘ljallangan qog‘oz konuslar, texnik tasmalar va boshqa ko‘plab mahsulotlar, shuningdek, trikotaj mato, tikuvchilik-trikotaj va paypoq mahsulotlari, maxsus kiyimlar va boshqa eksportbop tovarlarni namoyish qilmoqda.

– O‘tgan yilgi Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasida sohamiz korxonalari mahsulot yetkazib berish bo‘yicha qiymati 40,7 milliard so‘mdan ziyod shartnomalar tuzgan edi, – deydi “O‘zbekengilsanoat” aksiyadorlik jamiyati huzuridagi To‘qimachilik mahsulotlari reklamasi va marketingi agentligi direktori Davron Akbarov. – Bu galgi yarmarka yakunida korxonalar qiymati o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan uch barobar oshadigan miqdorda shartnomalar tuzishni rejalashtirgan.

2 noyabrgacha davom etadigan forum sanoatchilar uchun muhim voqeadir. Chunki bu yerda tayyor buyumlar, asbob-uskunalar, materiallar, xomashyo xarid qilish va yetkazib berish, ishlab chiqarish xizmatlarini ko‘rsatish yuzasidan qo‘shimcha savdo tenderlari o‘tkazmasdan shartnomalar tuzish imkoniyati yaratilgan.

IX Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasining ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari G‘.Ibragimov ishtirok etdi.

Top