22:05 / 28.10.2015
2749

Davlat mehnat texnika inspektorlari tomonidan 2015 yilning 9 oyi davomida 860 mln so‘mdan ortiq jarima undirildi

2015 yil 28 oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi tomonidan “Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi tomonidan 2015 yilning yanvar-sentabr oylarida aholini ijtimoiy muhofaza qilish va ish bilan ta'minlash borasida amalga oshirilgan ishlar” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.

Mehnatni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Sulaymonova Nozima axborotiga ko‘ra, Respublika bo‘yicha Davlat mehnat texnika inspektorlari va mehnat sharoitlari ekspertlari tomonidan o‘tkazilgan tekshirishlarda, Mehnat muhofazasi qonunchiligi va texnika xavfsizligi qoidalariga amal qilmaslik xolatlari bo‘yicha jami bo‘lib 29 mingdan ortiq kamchiliklar aniqlangan bo‘lib, qariyb 28 mingtasi bo‘yicha kamchilik bartaraf etilganligi haqida korxonalardan ma'lumotlar olingan.

Davlat mehnat texnika inspektorlari tomonidan 2015 yilning 9 oyi davomida Mehnat qonunchiligi va mehnatni muhofaza qilish qoida va me'yorlariga amal qilinmaganligi uchun 2450 nafardan ortiq mansabdor shaxslar javobgarlikka tortilgan bo‘lib, shundan 2 nafari egallab turgan lavozimidan ozod qilingan, 9 nafariga boshqa intizomiy choralar ko‘rilgan, qolganlarga ma'muriy jarimalar qo‘llanilgan. Solingan jarimaning jami miqdori 860 mln so‘mdan ortiqni tashkil qildi.

Tadbirda mehnat bilan band bo‘lmagan aholi, xususan, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari bandligini ta'minlash borasida olib borilayotgan tizimli chora-tadbirlar xususida so‘z yuritildi. Jurnalistlarning savollariga atroflicha javob qaytarildi.

Top