17:21 / 28.10.2015
6262

Moskva politsiyasi deportatsiya rejasini tojikistonlik muhojirlar hisobiga bajarmoqda

Rossiya politsiyachilari “Muhojir 2015” operatsiyasining navbatdagi bosqichi doirasida yuzlab muhojirlarni tekshiruvdan o‘tkazdi, deb xabar beradi “Rossiyskaya gazeta”.
Moskva politsiya bosh boshqramasi iqtisodiy xavfsizlik va korrupsiyaga qarshi kurash boshqarmasi rasmiy vakili Irina Volk muhojirlarning katta qismi O‘rta Osiyo respublikalari vakillari ekanligini ta'kidladi.

26 oktabrning o‘zidayoq opertsiya doirasida noqonuniy muhojirlarni tutish bo‘yicha 200dan ortiq tadbirlar o‘tkazildi. Sharqiy okrug xodimlari 220 xonadon, 21 avtoturargoh va garaj kooperativlari, 4 kafe, bar va restoranlarni tekshiruvdan o‘tkazishdi.
Ushbu reydlar natijasida MDH davlatlari, asosan O‘rta Osiyodan tashrif buyurgan 168 chet ellik qo‘lga olindi. Ularning barchasi mamlakatda bo‘lish qoidalarini buzishda ayblandi.

Mahalliy jurnalistlarning e'tirof etishicha, Moskva politsiyasi belgilangan rejani bajarish uchun har qanday ishga qo‘l urishga tayyor. Aynan shu tufayli oxirgi haftalarda tojikistonlik muhojirlar ommaviy tarzda deportatsiya qilinmoqda. Har kuni Rossiya muhojirlar federatsiyasi prezidenti o‘rinbosari Karomat Sharipovga o‘nlab jabr chekkanlar murojaat qilib, adolatni tiklashni so‘raydi.

Oxirgi 1 hafta ichida Moskva shahri va viloyatidan 1.5 ming tojikistonlik muhojir deportatsiya qilindi.
“Bunday ommaviy tadbirlar, aftidan, huquqni muhofaza qiluvchi organlarining rejani bajarish yo‘lidagi navbatdagi kampaniyasi bilan bog‘liqdir”, - deb ta'kidladi huquq himoyachisi Svetlana Gannushkina.

Top