14:14 / 28.10.2015
3546

OAV: Slutskiy "Chelsi"da Mourinoni almashtirishi mumkin

Ispaniyadagi jurnalistlar Moskvaning TsSKA jamoasi bosh murabbiyi Leonid Slutskiyni "Chelsi"ning navbatdagi bosh murabbiyiga aylanishi mumkinligi haqida xabar tarqatishmoqda.

Marsa nashri ma'lumotiga ko‘ra, rossiyalik tadbirkor Roman Abramovichga tegishli hisoblanadigan "Chelsi"ga mavsumni omadsiz o‘tkazayotgan Joze Mourino o‘rniga taklif qilinishi mumkin bo‘lgan nomzodlar orasida Rossiya terma jamoasini Yevro-2016 turniriga olib chiqqan va TsSKA bilan ichki chempionatda peshqadamlik qilayotgan Leonid Slutskiy nomi ham bor.

Jamoa shuningdek, Xosep Gvardiola ("Bavariya"), Diyego Simeone ("Atletiko") hamda ishsiz yurgan tajribali mutaxassislar Guus Xiddink va Karlo Anchelotti nomzodlarini ham ko‘rib chiqayotgani aytilgan.

Qayd etish kerakki, o‘tgan mavsumda APL chempioni bo‘lgan "Chelsi" yangi mavsumni o‘ta omadsiz boshladi. Londonliklar APLning 10 turidan keyin 11 ochko bilan turnir jadvalida 15-o‘rinda turibdi. Qolaversa, jamoa YeChLda ko‘ngildagidek ishtirok eta olmayapti. Kechagina esa "Chelsi" "Stok Siti"ga yutqazib, Angliya Ligasi Kubogidan chiqib ketdi.

OAVlarda aytilishicha, 11 turda "Liverpul"ga qarshi o‘yinda g‘alaba qozonilmasa, Mourino bilan shartnoma bekor qilinadi. Uning ustama puli 30 mln yevroni tashkil qilishi aytilgan.

Top