12:20 / 28.10.2015
5403

Ramos supermarketda qo‘riqchi bo‘lib ishlamayotgani haqida rasman ma'lum qildi

Ispaniyaning Tenerife orolida yashovchi muxlislardan biri supermarketda tushirgan suratini internetga joylashtirdi.

Bu suratda ko‘rsatilgan supermarket qo‘riqchisi "Real" futbolchisi Serxio Ramos bilan ikki tomchi suvdek o‘xshash bo‘lib, internet foydalanuvchilari o‘rtasida qizg‘in muhokamalar boshlanib ketdi.

Muxlislar Ramos "Real"ning asosiy tarkibidan tushib qolganiga e'tibor qaratishib, uni Mercadona supermarketini reklama qilish bilan shug‘ullanayotgani haqida taxminlar bildirishgan. Muxlislarning asosiy qismi bu odam shunchaki Ramosga juda o‘xshovchi haqiqiy qorovul ekani haqida yozishgan.

Futbolchining o‘zi bu voqeaga hazilomuz tarzda munosabat bildirgan.

"Men shuni rasman ma'lum qilamanki, Mercadona bilan shartnoma imzolamadim", deydi u smaylik ilova qilingan tvitida.

Qayd etish kerakki, Ramos jarohat tufayli Ispaniya terma jamoasining oxirgi o‘yinlarida ishtirok etmadi. La liganing 7-turida esa "Atletiko"ga qarshi derbida uning harakatlaridan bosh murabbiy Rafael Benites norozi bo‘lgan. Shundan keyin futbolchi va murabbiy o‘rtasida sovuqchilik yuzaga kelgan, futbolchi keyingi o‘yinga tushirilmagan. U La liganing 10 turidan faqat 5tasida maydonga tushirildi.

Top