10:51 / 29.10.2015
2918

Estoniyalik harbiy qo‘mondon NATOning qora tanli jangchilarini haqorat qilgan vatandoshlarini koyidi

Estoniya harbiy havo kuchlari bosh qo‘mondoni polkovnik Yaak Tariyen NATOning mamlakat hududida xizmat qilayotgan qora tanli askarlarini haqorat qilgan fuqarolardan uyalganini tan oldi. Bu haqda Facebook’dagi sahifasida yozdi.

“Bugun men ayrim vatandoshlarimizning xatti-harakatlaridan uyalishga majbur bo‘ldim”, - deb yozdi u. Uning so‘zlariga qaraganda, AQShdan tashrif buyurgan eskadrilya o‘tkazayotgan o‘quvlarni kuzatish jarayonida u hamkasblaridan eskadrilyaning 300 a'zosining taassurotlari qanaqa ekanligi bilan qiziqib ko‘rgan.

Unga shunday javob berilgan: “hammasi yaxshi: chiroyli joy, estonlar o‘z mamlakatidan g‘ururda, uylar chiroyli, ko‘chalar toza”. Shunga qaramay, tanasining rangi farq qiladigan ayrim harbiylar Tallinda dahanaki, ba'zan esa jismoniy hamlalarga duchor bo‘layotgani ham aytilgan.

“Mehmonxona oldidagi odamlarga tashlanib, restoranlarda “Nigeriyaga yo‘qoling”, deb baqirib, siz bizning mustaqilligimizni himoya qilayotgan odamlarni haqorat qilmoqdasiz. Kerak bo‘lsa, ular bizning ozodligimiz uchun hayotlarini berishadi. Sen esa, vatan jonbozi, o‘z davlating uchun joningni berishga tayyormisan?”, - degan so‘zlar bilan murojaatini yakunladi Tariyen.

Top