15:27 / 29.10.2015
3784

IShID keyingi 1,5 yil ichida Iroqda 13 nafar jurnalistni qatl qildi

BMT tomonidan terrorchi tashkilot sifatida e'lon qilingan IShID 2014 yilning yozidan buyon 13 nafar jurnalistni o‘ldirdi. Bu haqda "Chegarasiz muxbirlar" xalqaro tashkiloti saytida ma'lum qilindi.

Jangarilar 2014 yilning iyunida Iroq shimolidagi Mosul shahrini bosib olganlaridan keyin shu shaharda qatl qilgan mahbuslar orasida 13 nafar jurnalist bor. Qayd etilishicha, IShID Mosuldagi tele va radiostansiyalarni ma'lumotlar tarqalishi oldini olish maqsadida yopib qo‘ygan va xodimlarni qatl qilgan.

"Chegarasiz jurnalistlar" ma'lumotida qayd etilishicha, jangarilar birinchi navbatda jurnalistlarni asirga olishga harakat qilishadi. Shu vaqtgacha IShID qo‘liga asirlikka tushgan 48 nafar jurnalistdan 10 nafarining taqdiri noma'lumligicha qolmoqda.

Suriyadagi ARA News agentligi ma'lumotiga ko‘ra, IShID o‘z tasarrufidagi barcha jurnalistlarni qatl qilish bilan tahdid qilgan.

2015 yilning avgustida jangarilar Mosulda Saladin TV jurnalisti Adel Saefni va uning otasini otib tashlagandi. Undan oldinroq, Al-Musiliyah telekanali xodimlari Samah Muhammad va Volid Abdulla o‘ldirilgan.

2014 yilning sentabrida Mosulda amerikalik jurnalist Stiven Sotloff qatl qilinishi sahnasi internetga joylashtirilganidan keyin tashkilot afkor omma oldida vahshiy tuzilma sifatida tanila boshlagandi.

Ushbu amerikalik jurnalist, Time va Foreign Policy xodimi Sotloff o‘z o‘limi oldidan Barak Obamaga murojaat qilgandi.

"Nega men AQShning Iroqdagi faoliyati uchun qurbon bo‘lishim kerak. Axir men AQSh fuqarosi emasmanmi?", degandi o‘shanda u.

Jangarilar uni o‘ldirishgach, britaniyaliklar IShIDga qarshi koalitsiyadagi ishtirokini to‘xtatmasa, asirlikdagi britan jurnalisti Devid Xeynsni o‘ldirish bilan tahdid qilishgan, ko‘p o‘tmasdan o‘z talablariga javob olinmagach, Xeynsni ham qatl qilishgandi.
Sotloffning jallodi undan oldinroq, amerikalik fotomuxbir Jyeyms Foulini ham o‘ldirgani ma'lum bo‘lgan.

IShID o‘zi bosib olgan hududlarda asirlarni qatl qilishda davom etmoqda. 2015 yilning sentabrida jangarilar Idlibda (Suriya) hukumat armiyasining 56 askarini ommaviy ravishda o‘ldirdi. Shu yilning mayida esa Palmirada 217 kishi qatl etilgan. Ularning 67 nafari tinch aholi vakili, 150 nafari harbiylar edi.

Top