16:16 / 29.10.2015
3141

Prankchilar Ukraina vaziri va Ukraina aviakompaniyasi rahbarini masxara qilganini ta'kidlamoqda

Rossiyalik prankchilar (telefon orqali odamlarni masxara qiluvchilar) Vladimir Kuznetsov va Aleksey Stolyarovlar bir hafta mobaynida Rossiya nomidan Ukraina infrastruktura vaziri Andrey Pivovarskiy va Ukraina xalqaro avialiniyalari prezidenti Yuriy Miroshnikov bilan muzokaralar olib borishganini ma'lum qilishdi.

16 sentabr kuni Ukraina hukumati Rossiyaning 25 aviakompaniyasiga nisbatan sanksiyalar joriy qilib, ularning mamlakat hududiga parvozlar amalga oshirishiga taqiq qo‘yishdi. 25 sentabrdan ikki mamlakat o‘rtasida aviaaloqa to‘xtatib qo‘yildi.
“Biz aviaaloqa bilan bog‘liq masalani hal qilmoqchi edik, biz, agarda Rossiya va Ukrainaning tegishli vazirliklarini o‘zaro bog‘lasak, ular nihoyat aloqaga chiqadi va qaror qabul qiladi, agarda sanksiyalarni bekor qilmasa, hech bo‘lmasa biror chora ko‘radi deb o‘ylagan edik”, - Kuznetsovning so‘zlarini keltiradi RIA Novosti.

Prankchining ta'kidlashicha, Ukraina tomon muloqot o‘rnatishdan bosh tortgan.
Shu bilan birga, ular bu voqea ikki tomon o‘rtasida muzokaralarning qaytadan boshlanishida muhim omil bo‘lishi mumkniligiga ishonmoqda.
Kuznetsovning ta'kidlashicha, prankchilar Miroshnikovga chiqib, o‘zlarini “Aeroflot” kompaniyasi vakillari sifatida tanishtirgan.
“Birinchi suhbatimizdan so‘ng u vazir Pivovarskiyga uchrab, Rossiya tomon muloqot o‘rnatishni xohlayotganini aytdi. Shundan so‘ng Pivovarskiyning o‘zi biz bilan aloqaga chiqdi”, - hikoya qilib berdi prankchi.

Kuznetsov va Stolyarov internetda Vovan va Leksus taxalluslari bilan mashhur bo‘lib, rossiyalik bir necha vazirni telefon orqali laqillatganlari bilan dong taratishgan. Shuningdek, ular taniqli xonanda Elton Jonni ham masxara qilishgan: Stolyarov o‘zini Rossiya prezidentining matbuot kotibi deb tanishtirib, o‘zini Putin deb tanishtirgan Stolyarovning so‘zlarini inglizchaga tarjima qilib berib turgan. Buning natijasida axiyri Putin rostanam xonanda bilan suhbat qurgan edi.

Top