11:42 / 29.10.2015
5789

Shahzoda Harri: Afg‘onistondagi urush hayotimni o‘zgartirdi

Britaniyalik shahzoda Harri Afg‘onistondagi urush o‘z hayotida qanday o‘zgarishlar sodir etgani haqida gapirib o‘tdi. U bu haqida AQShga safari davomida, Virjiniyadagi harbiy gospitalga borgan vaqtida so‘zlab bergan.

"Men 2 marta Afg‘onistonga safar qildim va bu safarlar hayotimda burilish pallalari bo‘ldi. Urushdagi xotiralar o‘chmas bo‘lib muhrlanib qoladi", deydi shahzoda.

U o‘z hayotini urush faxriylariga yordam ko‘rsatish, xayriya tadbirlari o‘tkazish va yovvoyi tabiatni muhofaza qilish sohasida ishlaydigan tashkilotlar bilan hamkorlik qilishga bag‘ishlashga qaror qilgani haqida ta'kidlab o‘tgan.

"Men Afg‘onistonga birinchi safarimdan qaytishda jangda og‘ir yarador bo‘lgan britaniyalik harbiy bilan bitta samolyotda qaytdim. Bortda shuningdek, jang vaqtida halok bo‘lgan daniyalik askarning murdasi ham bor edi. O‘shanda men bundan keyin harbiylarning urushdan keyingi hayotida qadrsiz bo‘lmasligi uchun qayg‘urishga qaror qilgandim", deya qayd etadi Harri.

Shahzoda Harri AQShga safari davomida Barak Obama bilan uchrashgan. U Oq uy rahbari bilan kelgusi yilning may oyida Floridada o‘tkazilishi belgilangan «Zabt etilmaganlar o‘yini»ni muhokama qildi. Unda jang maydonlarida yaralangan faxriylar ishtirok etishi ko‘zda tutilgan.

Ma'lumot uchun, Uels shahzodasi Charlzning kichik o‘g‘li – shahzoda Harri 2015 yil iyunida harbiy xizmatni tugatdi. U professional harbiy bo‘lib, nufuzli Sandxerst akademiyasida o‘qigan va piyoda qo‘shin kapitani unvoniga ega. Shahzoda 2007−2008 yillarda va 2012 yilda (5 oy davomida) Afg‘onistondagi jangovar harakatlarda qatnashgan. 2011 yili kapitan unvonini olgan. So‘nggi marta 2015 yil bahorida Avstraliyada xizmat qilgandi.

Top