09:28 / 30.10.2015
10937

Artur Taymazov sportchilik faoliyatini yakunlashi haqida ma'lum qildi

Erkin kurash bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi tarixidagi eng ko‘p unvon olgan sportchi, uch karra Olimpiya chempioni, Olimpiya o‘yinlari kumush medali sovrindori Artur Taymazov o‘zining sportchilik faoliyatini yakunlashi haqida ma'lum qildi.

U 2016 yilgi Rio olimpiadasiga bormasligini ma'lum qilgan.

"Ha, bu savol hal qilib bo‘lindi. Ko‘zimda o‘tkazilgan jiddiy operatsiya tufayli juda ko‘p vaqtni yo‘qotdim. Shifokorlar boshqa shug‘ullanmasligim kerakligi haqida aytishdi. Qolaversa qolgan vaqt ichida men Olimpiadada munosib qatnashish uchun tayyor bo‘lishga ulgurmayman. Sayyoh sifatida borishdan esa ma'ni yo‘q. Endi sportchilik faoliyatimni yakunlayman va fan bilan shug‘ullanishni boshlayman", deydi Taymazov "Ves sport" nashriga bergan intervyusida.

U P.F.Lesgaft nomidagi universititetda aspirant sifatida o‘qishni boshlagani, professor Boris Tarakanov rahbarligida ilmiy ish ustida izlanayotgani shu orqali sport rivojiga hissa qo‘shish niyatida ekanini aytib o‘tgan.

Asli osetiyalik, O‘zbekiston nomidan kurashgan Artur Taymazov mamlakat tarixidagi oltita Olimpiada oltin medallarining uchtasini olib kelgan (2004, 2008, 2012). U 2000 yilgi Olimpiya o‘yinlarida kumush medal olgan, ikki marta jahon chempioni, 2 marta Osiyo chempioni, 3 marta Osiyo o‘yinlari chempioni bo‘lgandi.

U O‘zbekiston oldidagi xizmatlari uchun 2012 yilda "El-yurt hurmati" ordeni bilan taqdirlangan.

Top