22:03 / 30.10.2015
3725

Pavlodarlik ayol mehribonlik uylaridan 20 nafar bolani o‘z tarbiyasiga oldi

Qozog‘istonning Pavlodar shahrida yashovchi 59 yoshli Yekaterina Yatsenko mehribonlik uylaridan 4 nafar bolani boqib olgan, 9 nafar bola uning oilasida vasiylik ostida va yana 7 nafar bola patronatlik asosida tarbiyalanmoqda, deb xabar bermoqda viloyat ta'lim boshqarmasi rahbari o‘rinbosari Sayana Mukanovaga iqtibos keltirgan holda Pavlodarnews.kz nashri.

Yekaterina Yatsenko texnikumni bitirishi bilanoq turmushga chiqqan. Ikki yilda keyin u birinchi qizi Ninani, yana ikki yildan keyin Nadejdani va yana uch yildan keyin, ya'ni 1984 yilda kenja qizi Polinani dunyoga keltirgan.

Ayol 1995 yilda dastlab mehribonlik uyi tarbiyalanuvchisi Ivan ismli bolani boqib olgan. So‘ngra u yana 3 nafar o‘g‘il bolani: 2001 yilda Vladislavni, 2004 yilda Aleksandrni, 2006 yilda Ruslanni boqib olgan.

“Men o‘zim onasiz katta bo‘lganim uchun mehribonlik uyidan bolalarni boqib olishga qaror qildim. Onam erta o‘tib ketgan, otam boshqa oilasi bilan yashagan. Meni buvim va xolam voyaga yetkazgan”, demoqda ayol.

Ta'lim boshqarmasi ma'lumotlariga ko‘ra, patronat tarbiyalash 2004 yilda rivojlana boshlagan. Shu yili Yatsenko ta'lim boshqarmasida rasmiy patronat tarbiyalovchisiga aylangan.

“Yekaterina Aleksandrovna oilasi bir necha avlod yetimlarini oyoqqa turg‘azgan. Yekaterina Aleksandrovna tarbiyalanuvchilaridan biri nogiron bo‘lib, u maxsus parvarishga muhtoj”, deb aytmoqda Sayan Mukanov.

Ta'lim boshqarmasida ma'lum qilinganidek, ayni paytda ayolning vasiylik va patronati ostida quyidagi bolalar tarbiyalanmoqda: hozirda Qarag‘anda davlat universitetida tahsil olayotgan Arina Qodirbekova, Artyom Reyn, Svetlana va Artyom Gritsenko, Ivan Shabayev, Almas Mukatayev, Denis Stroganov, Rustam, Kanag‘at va Yerg‘anat Sakauovlar, Vladislav, Aleksandr, Andrey, Yekaterina va Zarina Yarmolyuk hamda Yerjan Shulembayev.

Top