21:35 / 30.10.2015
2837

Toshkent viloyatida 2015 yilning 9 oyida YaHM o‘sishi hajmi 7,2 foizni tashkil qildi

Toshkent viloyatida joriy yilning 9 oyida viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va eng muhim ustuvor vazifalar ijrosini ta'minlash chora-tadbirlari muhokamasiga bag‘ishlangan faollar yig‘ilishi o‘tkazildi.

Yig‘ilishda ta'kidlanishicha, Toshkent viloyatida 2015 yilning to‘qqiz oyida Mahalliylashtirish dasturi doirasida 88,2 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi. 3,8 million dollarlik mahsulot eksport qilindi.

Viloyat hokimi A.Usmonov boshqargan yig‘ilishda viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlari, boshqarma va idoralar, yirik sanoat korxonalari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'yektlari rahbarlariqatnashdi.

Hisobot davrida viloyatda belgilangan vazifalar ijrosini ta'minlash yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar natijasida makroiqtisodiy barqarorlik va iqtisodiy o‘sishning yuqori sur'atlari ta'minlandi. Jumladan, yalpi hududiy mahsulot hajmining o‘sish sur'ati 7,2 foizni tashkil etdi. Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 13,8, qishloq xo‘jaligi 5,3, ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi 12,8, chakana savdo aylanmasi 15,7, pullik xizmatlar ko‘rsatish 12,2 foizga o‘sdi.

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta'minlash, ularga erkinlik berish va rivojlantirish yo‘lida uchrayotgan to‘siqlarni bartaraf etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan tizimli chora-tadbirlar natijasida mazkur sektorning yalpi hududiy mahsulot tarkibidagi ulushi 61,2 foizga yetdi.

Viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan 71 respublika va mahalliy tasarrufdagi yirik sanoat korxonalari tomonidan 9,7 trillion so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarildi. Kichik sanoat korxonalari tomonidan 2,3 trillion so‘mlik tovarlar tayyorlandi.

2015-2016 yillar kuz-qish davrini betalafot o‘tkazish hamda qish-bahor mavsumi uchun qishloq xo‘jaligi mahsulotlari zaxirasini yaratish, iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy va kommunal soha, uy-joy fondining kuz-qish mavsumiga tayyorgarligi hamda ichimlik suvi ta'minotini yaxshilash masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Toshkent viloyati faollari yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari G‘.Ibragimov so‘zga chiqdi.

Top