20:38 / 31.10.2015
10357

NASA Yerga qarab kelayotgan gigant asteroid suratini namoyish qildi

Olimlar Yerga tomon kelayotgan 2015 TB145 gigant asteroidining ilk suratlarini namoyish qildilar. Bu obekt AQShning Gavayidagi Pan-STARRS avtomatik tizimi tomonidan ochilgan. Uning ilk tasvirlari Puerto-Rikodagi Aresibo observatoriyasida olindi. Bu haqda NASA saytida ma'lum qilindi.

Olimlar olingan tasvirlarda asteroid markazida qora hududlar borligini aniqlashdi. Astronomlar fikricha, ular zarba oqibatida hosil bo‘lgan krater izlari bo‘lishi mumkin. Hammasi bo‘lib 30 oktabrda asteroidning 6 ta radiolokatsion surati olindi. Tasvirlarning sifati 1 pikselga 7,5 metrni tashkil qiladi.

Astronomlar radiolokatsion tizim yordamida asteroidning ko‘rsatkichlarini aniqlashdi. Samo jismining diametri 600 metrni tashkil qiladi (Tungus meteoritidan 10 marta kattaroq). Asteroid o‘z o‘qi atrofida 5 soatda to‘liq aylanib chiqadi va sayyoramiz tomon soniyasiga 35 kilometr tezlik bilan kelmoqda.

Toshkent vaqti bilan 22:00da asteroid Yer sirtiga 486 ming kilometr masofaga (Oygacha bo‘lgan masofadan 1,3 barobar kattaroq masofa) keladi. Asteroidni Rossiya hududidan binokl va havaskorlik teleskopidan kuzatish mumkin bo‘ladi. Obektni boshqa obektlardan uning Katta Ayiq yulduzlar turkumidagi harakatlanishidan ajratsa bo‘ladi.

Asteroid 10 oktabrda ochilgan edi va xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan obekt sifatida tasniflanadi. Bunday xavfli obektlarga o‘lchami 100 metrdan katta va sayyoramizga 7,5 mln km lik masofadan kelayotgan jismlar kiradi.

Keyingi marta asteroid Yerga 2015 yilning sentabrida 38 mln km lik masofaga yaqinlashadi. Asteroid yaqin 100 yil ichida sayyoramiz uchun xavf tug‘dirmaydi.

 

Top