04:59 / 31.10.2015
6877

Samarqand shahrida bir yilda nechta nikoh va ajrashishlar bo‘lishi aniqlandi

Oxirgi yillarda nikoh qurish va ajralishlar soni asosan 25 yoshdan 35 yoshgacha bo‘lgan aholining o‘sishi bilan bog‘liq bo‘lmoqda. Aynan shu yoshdagilar toifasiga qayd etilayotgan nikoh va ajrashishlarning eng katta ulushi to‘g‘ri keladi.

Samarqand shahrida bugungi kunda to‘rtta FHDYo (ZAGS) va bitta nikoh uyi faoliyat yuritadi. Oxirgi ikki yildagi nikoh qurish koeffitsiyentini aniqlash maqsadida Samarqand shahar nikoh uyi mudirasi Nasiba Mamatqulovaga murojaat qilindi. Uning aytishicha, 2014 va 2015 yillarda nikoh ko‘rsatkichlari orasidagi farq unchalik katta emas. Statistik ma'lumotlarga ko‘ra nikoh uylarida 2014 yilning dastlabki 9 oy ichida 2058 nafar yosh oila qayd qilingan, 2015 yilda esa bu ko‘rsatkich 2055 tani tashkil qilgan. Samarqand shahri bo‘yicha hammasi bo‘lib esa 2014 yilning 9 oyida adliya boshqarmalari tomonidan 3528 nafar nikoh qayd qilingan, 2015 yilda esa bu ko‘rsatkich 3205 tani tashkil qilgan.  

Ajrashishlar koeffitsiyentini aniqlash uchun Samarqand shahri fuqarolik ishlari bo‘yicha sudiga murojaat qilindi. Statistik ma'lumotlarga ko‘ra, 2014 yilning dastlabki 9 oyida nikohni bekor qilish haqida 1340 ta ariza tushgan. Ariza bergan juftliklardan 543 tasi ajratib yuborilgan, 226 tasi o‘z arizasini qaytib olgan, 72 ta juftlik sud zalida yarashgan. 2014 yilning 9 oylik hisobotiga ko‘ra shahar sudiga ajrashish haqida 1260 ta ariza tushgan, 558 nafar oila O‘zbekiston fuqarolik-protsessual kodeksining 40 va 41-moddasiga ko‘ra ajratib yuborilgan, 165 nafar oila  ajrashish haqidagi qaroridan qaytgan va 91 ta oila sud jarayonida yarashgan. Statistik ma'lumotlarga ko‘ra, 2015 yilda ajrashish koeffitsiyenti anchagina kamaygan.  

Top