17:22 / 31.10.2015
4189

Sinayda halokatga uchragan samolyot avval Livan, Turkiya va Saudiya avikompaniyalari tasarrufida bo‘lgan

Misrda falokatga duchor bo‘lgan Rossiyaning "Kogalimavia" aviakompaniyasiga tegishli A320 samolyoti o‘zining birinchi parvozini bundan 18,5 yil muqaddam amalga oshirgan. Bu haqda Airfleets.net internet-portali ma'lumotlari guvohlik bermoqda.

Portal ma'lumotlariga ko‘ra, laynerning ilk parvozi 1997 yilning 9 mayida qayd etilgan. "Kogalimavia" aviakompaniyasiga qadar u 663 bort raqami bilan Livanning MEA, Turkiyaning Onur Air va Saudiyaning Saudi Arabian Airlines aviakompaniyalariga xizmat ko‘rsatgan.
Samolyot "Kogalimavia" parkiga EI-ETJ qayd raqami ostida 2012 yilning aprelida kelib qo‘shilgan.

Eslatib o‘tamiz, bugun, 31 oktabr kuni Misr vaqti bilan 6:51 da (Toshkent vaqti bilan 9:51) Rossiyaning "Kogalimavia" aviakompaniyasiga tegishli Sharm ash-Shayx — Sankt-Peterburg yo‘nalishi bo‘yicha 9268 reysini amalga oshirayotgan Airbus-321 layneri parvozga ko‘tarilgandan 23 daqiqa o‘tib radarlar ekranidan yo‘qoldi. Mazkur samolyot bortida 217 nafar yo‘lovchi va yetti nafar ekipaj a'zosi bo‘lgan.

Top