09:01 / 31.10.2015
7551

Turkiyaning O‘zbekistondagi elchisi: Turkiya 2023 yilda dunyoning eng kuchli 10 davlati orasida bo‘ladi

Bugun imperiyaning qulashidan so‘ng yana ham yosh, tinch va yana ham kuchli holda qayta tug‘ilgan Turkiya Respublikasi tashkil topganligining 92–yilligini Sizdek do‘st va qardoshlarimiz bilan birgalikda nishonlayotganimizdan behad xursandmiz, — dedi O‘zbekistondagi Turkiya elchisi Namik Gyuner Erpul.

U Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘onning tabrik so‘zini o‘qib eshittirar ekan, 92 yillik tarix turk xalqi uchun eng og‘ir sharoitlarda qanday qilib qaytadan o‘nglanib olish lozimligini ko‘rsatuvchi, kelajakdan umid beruvchi, har bir qadamdan dars chiqarilishi lozim bo‘lgan davr bo‘lganligini aytib o‘tdi.

Jumladan tabrikda, “Bugun Turkiya Respublikasi davlati nafaqat o‘z fuqarolari, balki mintaqamiz va dunyodagi barcha jabrdiydalar, mazlumlar, qavm va qardosh jamoalarning ham umid manbaisidir. Biz 1919 yil juda og‘ir sharoitlarda boshlagan Ozodlik urushini qanday qilib 1923 yili yangi davlatimizning tuzilishi bilan yakunlagan bo‘lsak, bugun ro‘baro‘ bo‘lib turgan qiyinchiliklarni ham, inshollo, 2023 yil maqsadlarimizga erishib, ortda qoldiramiz. Millatimizning mushtarak asari hisoblangan Respublikamizga egalik qilish, yurtimiz va millatimizning kelajagi uchun mehnat qilish, kurashish, lozim bo‘lsa fidokorlik qilish - barchamizning burchimizdir”, deyiladi.

Namik Gyuner Erpul yuqoridagi so‘zlarga qo‘shimcha qilar ekan, Turkiyada ortda qolgan teokratik, monarxiya va yakka hokimlikka asoslangan hukumatdan dunyoviy-demokratik, ijtimoy va mustahkam qonunchilik asoslariga ega bir davlat tashkil etilganligini ta'kidladi.

U bugungi kunda Turkiya Respublikasi 78 milliondan iborat yosh aholisi va dinamik iqtisodiyoti bilan dunyoda o‘n yettinchi, Yevropada esa eng yirik oltinchi iqtisodiyot darajasiga erishganligi, Turkiya 2023 yilda, ya'ni Respublikaning 100 - yilligida dunyoning eng yirik, eng taraqqiy etgan 10 mamlakat orasida bo‘lishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘yganligini ham aytib o‘tdi.

“Turkiya Respublakasi tashkil topganidan beri 92 yil davomida tashqi siyosatida, dunyoda tinchlik, hamjihatlik, adolat va hotirjamlik, boshqa davlatlarning ichki ishlari va hududiy dahlsizligiga hurmat qilgan holda xalqaro inson huquqlari hamda erkinliklari kabi g‘oyalarni barcha narsadan ustun deb bilib kelmoqda. Mazkur g‘oyalar bundan keyin ham Turkiya tashqi siyosatining asosiy mustahkam tamoyillaridan biri bo‘lib xizmat qilishda davom etadi, — dedi so‘zini yakunlar ekan Namik Gyuner Erpul.

Top