11:43 / 01.11.2015
6072

“Jahon”: General Motors, Boeing, General Electric, Coca-Cola va boshqalar AQShning O‘zbekistondagi yirik sarmoyadorlari

Avval xabar qilinganidek, 1 noyabr kuni O‘zbekistonga AQSh davlat kotibi Jon Kerri tashrif buyuradi. Uning mamlakatimizga tashrifi jarayonida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov bilan ikki tomonlama muzokaralar olib borilishi, shuningdek, Samarqand shahrida Markaziy Osiyoning besh mamlakati (O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston) tashqi ishlar vazirlarining uchrashuvida ishtirok etishi rejalashtirilgan.


“Jahon” axborot agentligi tomonidan AQSh davlat kotibining O‘zbekistonga tashrifiga bag‘ishlangan maqola chop etildi. Unda keltirilishicha, O‘zbekiston-Amerika samarali muzokaralarining rivojlanishi umumqabul qilingan tamoyillar va xalqaro huquq normalari, har ikki davlatning suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligiga xurmat, bir-birining manfaatlarini hisobga olish va demokratik qadriyatlariga sodiqlikka asoslangan.

Hamkorlik 2002 yilda imzolangan Strategik hamkorlik to‘g‘risidagi dekloratsiya shartlari asosida amalga oshirilib, unda strategik hamkorlikni rivojlantirishning asosiy tamoyillari va yo‘nalishlari belgilangan.


Agentlik O‘zbekiston va AQSh aloqalariga e'tibor qaratar ekan, ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlarga alohida to‘xtalib o‘tdi.
Maqolada ta'kidlanganidek, ikki mamlakat tadbirkorlik doirasi o‘rtasidagi samarali muzokaralarni amalga oshirishda 1993 yilda tashkil etilgan Amerika-O‘zbekiston savdo palatasining o‘rni muhim. Mazkur tashkilot potensial sheriklar o‘rtasida bevosita aloqalarni ta'minlash maqsadida muntazam ravishda biznes-forumlar va kooperatsion birjalar o‘tkazib kelmoqda.
Xususan, joriy yilning 19 oktabrida Vashingtonda mamlakatimiz delagatsiyasi va Amerika-O‘zbekiston savdo palatasi a'zolari ishtirokida bo‘lib o‘tgan an'anaviy Amerika-O‘zbekiston biznes-forumi har ikki davlatning o‘zaro hamkorlikni kengaytirishga qiziqish bildirayotgani yana bir marta ko‘rsatdi.
Amerika-O‘zbekiston savdo palatasi raisi Kerolin Lemmning ta'kidlashicha, palata o‘zaro savdo hajmini 1 milliard dollargacha oshirish bo‘yicha hamkorlikdagi loyiha va dasturlarni amalga oshirish tarafdori.
“Jahon” axborot agentligi taqdim etgan ma'lumotga ko‘ra, bugungi kunda respublikada AQSh kompaniyalari ishtirokidagi 162ta korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularning 119tasi qo‘shma korxona hisoblansa, 43tasi esa 100 foizlik xorij kapitali asosida tashkil etilgan. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi qoshida avtomobilsozlik, neft-kimyo, tekstil, oziq-ovqat, qurilish materiallari ishlab chiqarish singari sohalarda faoliyat ko‘rsatuvchi 36ta Amerika kompaniyasi akkreditatsiyadan o‘tgan.


General Motors, Boeing, General Electric, Coca-Cola, Caterpillar, CNH Industrial va boshqalar AQShning O‘zbekistondagi yirik sarmoyadorlari qatoridan o‘rin olgan.

Top