19:28 / 01.11.2015
2652

OAV: Janubiy Sudanda BMTning 13 nafar vakili asirlikda bo‘lib turibdi

29 oktabr kuni Janubiy Sudanda, Malakal shahridan shimolroqda isyonchilar tomonidan asirga olingan BMT tinchlik missiyasi vakillari soni 13 nafar ekani ma'lum qilindi. Bu haqda AR agentligi xabar bergan.

Bundan oldingi xabarlarda BMTning 12 nafar vakili asirga tushgani aytilgandi.

BMT xodimlari Nil bo‘ylab barjada yoqilg‘i, qurol va asbob-uskunalar olib ketayotganida ularga qurolli isyonchilar hujum qilgan. Ekipajning 20 nafar qo‘lga olingan ishchilar keyinchalik qo‘yib yuborilgan, BMT xodimlari esa hamon tutib turilmoqda.

Ma'lumot uchun, Janubiy Sudanda 2013 yilning dekabridan buyon hukumat qo‘shinlari va isyonchilar o‘rtasida qonli janglar davom etmoqda. Ziddiyatning bir tomonida dinka qabilasidan chiqqan Salva Kiir (mamlakatning qonuniy prezidenti) turgan bo‘lsa, ikkinchi tomon, isyonchilar rahbari Riyoq Mashar nuer qabilasi vakili hisoblanadi.

Top