12:37 / 01.11.2015
7546

Toshkentda “qora makler”larga qarshi kurash uchun Ko‘chmas mulk markazi ishga tushiriladi

Toshkentda yarim noqonuniy “kvartira bozori” o‘rniga Ko‘chmas mulk markazi tashkil etiladi, deya xabar bermoqda Sputnik agentligi O‘zbekiston Rieltorlik tashkilotlari assotsiatsiyasidagi axborot manbasiga asoslangan holda.
Uning so‘zlariga ko‘ra, assotsiatsiya ayni paytda mazkur masalani ko‘rib chiqmoqda. Rejaga ko‘ra, Ko‘chmas mulk markazi poytaxtdagi Integro savdo kompleksi bazasida tashkil etiladi. Markaz ushbu kompleksning bir qavatini egallaydi.
“Fikrimizcha, Integro binosida Ko‘chmas mulk markazi tomonidan turar-joy va boshqa ko‘chmas mulklar savdo-sotig‘i hamda ijarasi bo‘yicha keng ko‘lamli xizmatlarni ko‘rsatish uchun joylar yetarlicha. Mazkur markazda xaridor va ijaraga oluvchilar shu yerning o‘zida zarur ma'lumotlarni olish va qo‘shimcha bosqichlarga ehtiyoj qoldirmaydigan darajada shartnomalarni imzolashlarini tashkil etishni rejalashtirganmiz”, - dedi agentlik suhbatdoshi.
Shuningdek, markazda notariuslar, ko‘chmas mulk bo‘yicha konsultantlar idoralari ham joylashtirilib, ular tomonidan qo‘shimcha yuridik xizmatlar ko‘rsatiladi. Axborot manbasining qo‘shimcha qilishicha, bu yerda xarid qilinayotgan yoki ijaraga olinayotgan manzilning “kriminal tarixi” to‘g‘risida ma'lumotlar bazasidan boxabar bo‘lish mumkin.
Markazdagi barcha jarayonlar “yagona oyna” tamoyili asosida olib borilib, bu yerda barcha ishonchli ma'lumotlarga ega bo‘lish va oldi-sotdi yoki ijara shartnomasini rasmiylashtirish imkoniyati taqdim etiladi.
Assotsiatsiya vakilining fikricha, Toshkent shahrida Ko‘chmas mulk markazining ochilishi nafaqat mazkur sohada xizmat ko‘rsatish sifatini oshiradi, balki “qora” rieltorlarga qarshi kurashning samarali usullaridan biri hisoblanadi ham. Ma'lumotga ko‘ra, Integro kompleksidagi markaz ochilishini bilan yarim noqonuniy ko‘chmas mulk bozori faoliyati bosqichma-bosqich tugatiladi.

Top