15:16 / 01.11.2015
14957

Toshkentda o‘ldirib ketilgan Turkiya fuqarosi vatandoshi tomonidan “buyurtma” qilingani ma'lum bo‘ldi

2014 yilning 31 oktabr kuni Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam markaziga keltirilgan, og‘ir tan jarohatlari tufayli 5 noyabr kuni olamdan o‘tgan Turkiya fuqarosi Em Fuatning o‘limi yuzasidan olib borilgan sud ishi yakunlandi. Voqea tafsilotlari “O‘zbekiston” teleradiokanali bo‘lim boshlig‘i Jo‘ra Boborahmatov tomonidan “Darakchi” gazetasida keltirildi.

Aytilishicha, Fuat O‘zbekistondagi Orşah ev Textyle qo‘shma korxonasiga rahbarlik qilib kelgan. U O‘zbekiston bozorida 1998 yildan buyon faoliyat yuritardi.

Turkiyalik yana bir tijoratchi Ustun Hikmet 2013 yil boshidan O‘zbekistonda ish boshlaganida Fuat vatandoshiga yordam berish maqsadida unga 40 ming dollar miqdorida yordam ko‘rsatgan. Orada ancha vaqt o‘tib, o‘zini o‘nglab olgan Hikmet sherigiga bu pullarni qaytarishni istamagan.

Shu tufayli u qo‘qonlik retsidivist, 2006 yili 18 yilga qamalib, 2013 yili amnistiya qilingan Sherzod O‘lmasovga Em Fuatning o‘ldirilishini 10 ming dollarga “buyurtma” qildi.

O‘lmasov o‘ziga oltiariqlik Rustam Otaqulov va Shokir Eshonqulovni sherik qilib, Toshkent shahrida mazkur qotillikni amalga oshirdi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi qaroriga ko‘ra, Turkiya fuqarosi Ustun Hikmet 21 yilga ozodlikdan mahrum qilinib, jazoning 3 yilini turma qamog‘ida o‘taydi. O‘lmasov Sherzod, Otaqulov Rustam va Eshonqulov Shokir ham shu muddatga ozodlikdan mahrum qilinib, jazoning 4 yilini turma qamog‘ida o‘taydigan bo‘lishdi.

Sherzod O‘lmasov va Rustam Otaqulov o‘ta xavfli retsidivistlar deb topildi.

Top