18:28 / 02.11.2015
4643

“O‘zbekko‘mir” AJ: Ko‘mir ta'minotida muammo bo‘lmaydi

O‘zbekiston prezidentining joriy yilning 7 iyuldagi Respublika iqtisodiyoti va ijtimoiy tarmoqlarini 2015-2016 yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlashni ta'minlash kompleks chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori ijrosi doirasida Farg‘ona viloyatida ham kuz-qish mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

“O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyati Farg‘ona hududiy distribyutorlik markazi tomonidan monitoring o‘tkazilib, ijtimoiy soha obektlari hamda aholi ehtiyoji o‘rganildi. Kuz-qish davrida aholi hamda byudjyet tashkilotlarining ko‘mir va briketga bo‘lgan ehtiyojini ta'minlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda viloyat miqyosida mavsum uchun qariyb 200 ming tonna ko‘mir, 59 ming tonna ko‘mir briketi yetkazib berish ishlari olib borilmoqda. 

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining joriy yil 2 iyuldagi “Respublikada ko‘mir briketlari ishlab chiqarish va sotishni kompleks tashkil etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta'minlash borasida viloyatda aniq tadbirlar belgilangan.

Marg‘ilon shahrida “Muslim diyor fayz” mas'uliyati cheklangan jamiyati, Dang‘ara tumanida “Bunyodkor Dang‘ara”, Furqat tumanida “Gulsanam kelajagi” kabi xususiy korxonalar tomonidan ko‘mir briketi ishlab chiqarilayotir. Oltiariq va Beshariq tumanlarida yaqin kunlarda ana shunday korxonalar ish boshlaydi. Zamonaviy texnologiyalar ishlab chiqarish quvvatiga qarab, soatiga 3-15 tonnagacha ko‘mir briketi tayyorlash imkoniyatini yaratadi. Mahalliylashtirish dasturi talablariga to‘la mos keluvchi bunday korxonalar yaqin kelajakda viloyat ehtiyoji uchun zarur ko‘mir briketini yuz foiz shu yerda ishlab chiqarish imkonini beradi. 

Viloyat xalq ta'limi boshqarmasi tizimidagi ta'lim muassasalariga salkam 43 ming tonna, viloyat o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi boshqarmasi tizimiga 6 ming 100 tonna, sog‘liqni saqlash boshqarmasi tasarrufidagi tibbiyot muassasalariga 10 ming tonna ko‘mir briketi yetkazib beriladi.

"Bugungi kunda 10 shoxobcha orqali rejadagi ko‘mir briketini ijtimoiy soha obektlariga to‘liq yetkazib berish ishlari nihoyasiga yetkazilmoqda. Viloyatdagi va “Angren” maxsus industrial zonasidagi 14 ko‘mir briketi ishlab chiqaruvchi korxona bilan imzolangan shartnomalar asosida ushbu mahsulotlar barcha shoxobchalarga uzluksiz yetkazib berilmoqda", deydi “O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyati Farg‘ona hududiy distribyutorlik markazi rahbari Muhammadrizo Usmonov.

Top