09:28 / 02.11.2015
4239

Jon Kerri Qozog‘istonga yetib bordi

Qozog‘istondagi "Astana" nomli xalqaro aeroportga AQSh Davlat kotibi Jon Kerrini olib uchgan samolyot qo‘ndi. Bu haqda Kazinform xabar berdi.

U 1 noyabr kuni Samarqand shahriga uyushtirgan rasmiy tashrifini yakunlashi bilanoq, Ostonaga parvoz qilgan.

Jon Kerri Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘ylab safari davomida o‘zaro hamkorlikni kengaytirish va mustahkamlash maqsadida muhokamalar o‘tkazmoqda.

U Ostonada Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev bilan uchrashib, Amerika-Qozog‘iston Strategik sheriklik dialogida ishtirok etadi. Shuningdek, u Nazarboyev nomidagi universitetda Markaziy Osiyo mamlakatlarining global masalalardagi o‘rni haqida nutq so‘zlaydi.

Safarini Qirg‘izistondan boshlagan va O‘zbekistonda davom ettirgan Jon Kerri Qozog‘istondan keyin Tojikiston va Turkmaniston davlatlariga ham tashrif buyurishni rejalashtirgan.

Qayd etish kerakki, bu Kerrining Markaziy Osiyoga ilk tashrifi bo‘ldi.

Top