11:32 / 02.11.2015
2933

JSST: Har kuni 4,4 ming kishi sil xastaligi sababli vafot etmoqda

2014 yilda dunyo miqyosida 1,5 mln kishi sil xastaligidan vafot etdi, ularning 140 ming nafari bolalardir. Bu 1990 yilga qaraganda qariyb ikki barobar kam degani. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan 2015 yil 28 oktabrda Vashington shahrida e'lon qilingan “2015 yilda silga qarshi global kurash to‘g‘risidagi hisobot”da shu haqda so‘z boradi.

Hisobotda keltirilishicha, sil kasalligiga chalinish holatini kamaytirish uchun profilaktika va davolashdagi kamchiliklarni bartaraf etish, moliyalashtirishdagi yetishmovchiliklarni to‘ldirish va yangi tashhislovchi vositalar, dori vositalari va vaksina (emlash)larni ishlab chiqish lozim.

JSST rasmiy saytida keltirilishicha, 2000 yildan keyingi asosiy ijobiy siljishlarga Taraqqiyot sohasida mingyillik maqsadlar joriy etilganidan so‘ng erishildi. Umuman olganda, hisobot ma'lumotlariga ko‘ra, so‘nggi 15 yil ichida samarali tashhislash va dori vositalari sharofati bilan 45 million nafar kishining hayoti saqlab qolindi.
Butun dunyoda silga chalinish holati 2000 yildan so‘ngi har yili 1,5 foizga, umumiy miqyosda 18 foizga kamaydi.

“Erishilgan muvaffaqiyatlarga qaramasdan, silga qarshi kurash sohasidagi o‘sish yetarli emas, – dedi JSSTning sil bo‘yicha global dasturi direktori Mario Ravilone. – Haligacha har kuni 4,4 ming kishi sil kasalligidan o‘z vaqtida tashhis qilinmagani va davolanmagani sababli vafot etmoqda”.

Top