19:33 / 03.11.2015
4589

AQShda 2 o‘smir 100ta gamburger sotib olib, uysizlarga tarqatishdi

Amerikalik ikki yigit uysiz kambag‘allarning qornini to‘yg‘azish va ularning ahvoli haqida jamoatchilikka yetkazish maqsadida xayriya tadbiri o‘tkazishdi. Ularning bu harakatlari videotasvirga olingan va bu tasvir internetga joylashtirilgan.

Ma'lum qilinishicha, o‘tgan haftada Lens Styuart va Edin Kolanski ismli ikki yigit McDonald's do‘konidan 100 dona gamburger sotib olishgan va ularni uysizlarga tarqatish uchun yo‘l olishgan.

Videoda ko‘rinadiki, do‘kon hisobchisi avvaliga hayron bo‘ladi va xaridorlarning chindan shuncha gamburger olmoqchiliklariga aniqlik kiritib oladi.

"Bir kuni men shu ish haqida o‘ylab qoldim va uysiz kishilarga ozgina bo‘lsada yordam bermoqchi bo‘ldim", deydi Styuart mahalliy telekanallardan biriga bergan intervyusida.

U o‘z do‘sti bilan barcha gamburgerlarni tarqatib bo‘lgach, supermarketga kirgan va boshqa turdagi yeguliklar hamda ichimliklar xarid qilib, bularni ham ko‘chada yashayotganlarga tarqatgan.

Uning aytishicha, bu tadbir uchun 6 soat vaqt va ozroq pul (150 dollar) sarflangan.
Ikki do‘stning xayriya tadbiri ko‘rsatilgan video feysbukda 8 mln marta ko‘rilgan. Bu tasvir YouTube va Instagram bo‘ylab ham tarqatilgan.

Top