19:21 / 03.11.2015
2711

Candy Crush Saga o‘yinini ishlab chiqqan kompaniya 5,9 mlrd dollarga sotildi

Activision Blizzard nashriyoti King Digital Entertainment — mashhur Candy Crush Saga o‘yinini yaratgan kompaniyani sotib oldi. Bu haqda Reuters xabar qildi.

Shartnoma miqdori kompaniyaning bozor qiymatidan 26 foiz qimmatroqqa, ya'ni 5,9 milliard dollarga baholandi. Shartnoma 2016 yil bahorida to‘liq kuchga kiradi.

Activision Blizzard ijrochi direktori Bobbi Kotikning ma'lum qilishicha, King`ning sotib olinishi bilan auditoriya 60 foizga kengayishi, ularning aksariyati ayollar bo‘lishini ma'lum qildi. Activision ayni paytda World of Warcraft, Call of Duty, Diablo, Destiny va boshqa o‘yinlar muallifligiga egalik qiladi. Ularni har oyda butun dunyodan 500 million faol foydalanuvchi o‘ynaydi.

Candy Crush Saga o‘yinini dastlab King kompaniyasi saytidan olish mumkin edi. Shundan keyin Facebook ijtimoiy tarmog‘i, so‘ngra iOS va Android mobil platformalarida paydo bo‘ldi. Avvalroq esa Candy Crush Saga barcha davrlarda iPhone va iPad`dagi eng ommabop o‘yin sifatida tan olingan edi.

Top