09:12 / 03.11.2015
13132

Lola Karimova davlat arbobiga aylanish niyati yo‘qligini aytdi

O‘zbekistonlik jamoat arbobi, prezident Islom Karimovning kenja qizi Lola Karimova o‘zining Instagram’dagi rasmiy sahifasida davlat arbobiga aylanishi mumkinligi haqidagi gap-so‘zlarga munosabat bildirdi.

“Hokimiyatga bo‘lgan munosabatim bolaligimdayoq shakllangan, - deb yozdi u. – Insonlarning shunday primitiv qismi borki, ular hokimiyatni odamni baxtli qilishi mumkin deb, yoki hokimiyat bu rohat-farog‘at manbai deb hisoblashadi... Bunday fikrdagi insonlar ko‘pincha hokimiyatning hatto kichik bir ulushini ham eplay olmaydi, uni tegishlicha qo‘llamay, odamlarga hamda o‘zlari bajarishi lozim bo‘lgan ishga katta ziyon keltirishadi. Bunday misollarni kundalik hayotimizda ko‘p ko‘rganmiz”.

Lola Karimovaning fikricha, oliyjanob insonlar uchun hokimiyat birinchi navbatda ulkan mas'uliyatdir.

“Mening maqsadim va missiyam birinchi navbatda oilam va o‘zimning ruhiy kamolotimga aloqadordir, - davom etdi u so‘zida. – Umid qilamanki, bolalarim yaxshi, oliyjanob va mehribon insonlar bo‘lib ulg‘ayganida men bu muhim vazifani bajarilgan deb hisoblayman”.

Shuningdek, u xayriya ishini davom ettirishini ta'kidlab o‘tdi.

“Hayotimda ko‘plab vazifalar qo‘yilgan, ularni aniq ko‘rib turibman, ammo ular orasida hokimiyat tepasiga kelish yo‘q”, - deb xulosa qildi Karimova.

Top