20:34 / 04.11.2015
4018

Jahon banki Orol dengizi havzasidagi holat yuzasidan O‘zbekistonga 14 mln dollar ajratdi

Jahon banki ijrochi direktorlari kengashi 3 noyabr kuni Orol dengizi havzasida iqlim o‘zgarishi oqibatlariga moslashish va ularni yumshatish dasturining birinchi bosqichini moliyalash uchun Xalqaro rivojlanish uyushmasi mablag‘idan 38 mln AQSh dollari ajratdi.

Bu haqda JB matbuot xizmatiga asoslanib, "Gazeta.uz" nashrining xabar qilishicha, mintaqaviy dasturning birinchi bosqichi uchun Tojikistonga 9 mln dollar, O‘zbekistonga 14 mln dollar ajratiladi. Yana 15 mln dollar Orol dengizini asrab qolish xalqaro jamg‘armasi ijroiya qo‘mitasining Markaziy Osiyo Mintaqaviy ekologiya markazi ko‘magida amalga oshiradigan faoliyatiga sarflanadi. Keyingi ikki yilda dasturga Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlari ham qo‘shiladi.

Orol dengizi havzasida iqlim o‘zgarishi oqibatlariga moslashish va ularni yumshatish dasturining maqsadi iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq ravishda ortib borayotgan va mintaqa mamlakatlari chegaralarini oshib o‘tayotgan muammolarni hal etishda mintaqaviy hamkorlik va kelishuv imtiyozlaridan foydalanishdir. Dastur iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq tahdidlar haqidagi bilim va axborot bazasini kuchaytirish imkonini beradi, shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun iqlim omilini hisobga oladigan ustuvor sohalarga investitsiya kiritish maqsadida qishloqda yashovchi aholiga moliyaviy va texnik yordam ko‘rsatadi.

Jahon bankining «Issiqlikni kamaytiring: yangi iqlim me'yoriga qarshi turish» hisobotida aytilishicha, Markaziy Osiyo mamlakatlari jahondagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan jadalroq isishga duch kelishi mumkin. 1951-1980 yillar bilan solishtirganda, dunyodagi o‘rtacha harorat 4°S daraja ko‘tarilsa, Markaziy Osiyodagi o‘rtacha harorat 7°S daraja oshishi mumkin.

Bugungi kunda mintaqadagi Amudaryo va Sirdaryo havzalari yillik suv oqimining 10 foizini tashkil qiladigan muzliklar maydoni XX asr boshidan beri 1/3 qisqardi. Bashoratlarga ko‘ra, harorat 2 daraja ortsa, muzliklar maydoni 50 foiz qisqaradi, 4 daraja ortganda esa u 75 foizga yetadi.

Markaziy Osiyo iqlimining o‘zgaruvchanligi va o‘zgarishi iqtisodiyotning qishloq xo‘jaligi, energetika va suv ta'minoti singari asosiy sohalariga salbiy ta'sir ko‘rsatadi, shuningdek, mintaqa mamlakatlari nufusining 50-70 foizini tashkil qiladigan qishloq aholisining daromadiga tahdid sola boshlaydi.

Ushbu dasturning birinchi bosqichida zikr etilgan loyihalarning Tojikiston va O‘zbekistonda istiqomat qiladigan 240 ming kishiga foydasi tegishi kutilmoqda.

Top