18:06 / 04.11.2015
9662

Janubiy Sudanda halokatga uchragan samolyot 44 yil oldin Toshkentda tayyorlangani ma'lum bo‘ldi

Bugun, 4 noyabr kuni Janubiy Sudan poytaxti Juba aeroportidan parvoz qilib, 800 metr masofada halokatga uchragan An-12 samolyoti haqida batafsil ma'lumotlar paydo bo‘ldi.

Hukumat ayni vaqtda bu halokat qurbonlari soni 41 nafarni tashkil etgani haqida ma'lum qilgan. Shuningdek, samolyot bortida bo‘lganlardan 2 nafari tirik qolgan.

TASS axborot agentligining xabariga ko‘ra, mazkur samolyot sobiq Chkalov nomidagi aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasida (Hozirgi Toshkent mexanika zavodi) tayyorlangan.

Samolyot 1971 yilda ekspluatatsiya qilingan va 44 yildan buyon parvoz qilib kelayotgandi.

Samolyot 1993 yilgacha Rossiyaning Magadan fuqarolik aviatsiyasi boshqarmasi tarkibida bo‘lgan. Shundan so‘ng «Magadan Avia Lizing» aviakompaniyasi mulkiga o‘tgan, 1996 yilda u San-Tome va Prinsipida ro‘yxatdan o‘tgan British Gulf International aviakompaniyasiga sotib yuborilgan, 2007—2014 yillarda Armanistonning South Airlines va Taron Avia tashuvchilari parkida turgan. 2014 yilda esa Tojikistonning Asia Airways kompaniyasiga o‘tgan, so‘ng Janubiy Sudanning Allied Services Limited kompaniyasi parkiga kelib tushgan.

Top