“Rossiyskaya gazeta” nashrining xabar qilishicha, Misrda halokatga uchragan A321 avialaynerining komandiri Valeriy Nemov 1967 yilda Toshkentda tug‘ilgan.
Keltirilgan ma'lumotga ko‘ra, u Stavropolda uchuvchilikka o‘qigan. So‘ng Gorkiy viloyatida, Norilskda, Surgutda ishlagan, 5 yil muqaddam esa Moskvaga ko‘chib o‘tgan.
Uning ota-onasi SSSRning qulashidan so‘ng O‘zbekistondan Rossiyaga ko‘chib o‘tgan va Volgograd viloyatidagi Rudnya qishlog‘ida istiqomat qilib kelgan. Yiliga bir necha marta Valeriy onasini ko‘rgani bu yerga kelgan. Shuningdek, pensiyaga chiqqanidan so‘ng u shu qishloqda yashashni rejalashtirgan.
“Valeriy Nemov bolaligidanoq osmondan boshqa narsani o‘ylamasdi, - eslaydi uning xolasi Tatyana Peterson. – Uning Toshkentdagi xonasi samolyotlarning suratlariga to‘la edi. O‘qishi ham yaxshi edi. Uning onasi Valentina Aleksandrovna ota-onalar majlislariga borishni yaxshi ko‘rar edi, negaki u yerda farzandini har doim maqtashar edi”.