23:24 / 05.11.2015
4652

Koreya investorlari o‘zbek kompaniyalarining 220 mln dollarlik davlat aktivlarini sotib oladi

O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov 5 noyabr kuni Koreya Respublikasining savdo-sanoat va tabiiy zaxiralar vazirining birinchi o‘rinbosari Li Xvan Sopni qabul qildi, deb xabar bermoqda O‘zA.

I.Karimov Janubiy Koreya O‘zbekistonning asosiy investitsion va texnologik hamkorlaridan ekanini ta'kidladi. Janubiy Koreya biznesi O‘zbekiston iqtisodiyotining turli sohalarida ko‘plab strategik loyihalarni amalga oshirmoqda. Bunga qiymati qariyb 4 milliard dollarga teng Ustyurt gaz-kimyo majmuasi qurib bitirilganini misol qilib keltirish mumkin.

Suhbat chog‘ida janubiy koreyalik investorlarning O‘zbekistondagi davlat korxonalari va aktivlarini xususiylashtirish jarayonida ishtiroki, yetakchi sanoat va infratuzilma tarmoqlarida yangi investitsiya loyihalarini birgalikda amalga oshirish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.

Tomonlar Xalqaro investitsiya forumi doirasida janubiy koreyalik hamkorlar bilan neft-gaz, kimyo, elektrotexnika, mashinasozlik va oziq-ovqat sanoati, qurilish materiallari ishlab chiqarish va infratuzilma tarmoqlaridagi davlat aktivlarini sotib olish bo‘yicha umumiy qiymati 220 million dollardan ziyod 24 bitim va memorandum imzolanishini yuksak baholadi.

Li Xvan Sop Koreya Respublikasi O‘zbekiston bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni, avvalo, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sohalardagi aloqalarni yanada rivojlantirish va mustahkamlashga ustuvor ahamiyat berishini ta'kidladi.

Top