17:48 / 05.11.2015
3322

Tojikiston Janubiy Sudanda An-12 halokati ortidan Asia Airways reyslarini bekor qildi

Tojikiston transport vazirligi Janubiy Sudan hududida o‘zlarining samolyoti qulab tushganidan keyin xususiy Asia Airways aviakompaniyasi reyslarini bekor qildi. Bu haqda RIA «Novosti» nashri vazirlikning fuqarolik aviatsiyasi departamenti rahbari Yusuf Rahmonov bergan ma'lumotga tayanib xabar tarqatmoqda.

«An-12 avialayneri halokatga uchraganidan keyin Tojikiston transport tizimini tartibga solish davlat nazorat xizmati mazkur aviakompaniya reyslarini bekor qildi», — deya ta'kidladi Rahmonov.

Oldinroq, Janubiy Sudanda halokatga uchragan An-12 samolyoti texnik tekshiruvdan o‘ta olmagani xabar qilingandi.

Eslatib o‘tamiz, 4 noyabr kuni Janubiy Sudanda An-12 rusumli yuk tashuvchi samolyot qulab tushgan va 39 kishining o‘limiga sabab bo‘lgandi.

Samolyot 44 yil oldin Toshkentda tayyorlangani ma'lum bo‘lgan.

Top