16:21 / 05.11.2015
4768

Toshkentda 170 ming so‘m pul uchun qo‘shnilar o‘rtasida kelib chiqqan janjal qon to‘kilishiga olib keldi

Toshkentda 170 ming so‘m pul uchun qo‘shnilar o‘rtasida kelib chiqqan janjal qon to‘kilishiga olib keldi. Bu haqda “Ogoh” nashri yozmoqda.
1987 yili Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanida tug‘ilgan Jabborali Baxtiyorov 2014 yilda oilasi bilan ishlash uchun Toshkentga ko‘chib kelgan edi. Uning qo‘shnisi Jo‘rabek Xolboyev asli buxorolik bo‘lib, bu yerda oilasi bilan turardi.

Yigitlar do‘stlashib qolishdi va bir necha bor umumiy davralarda o‘tirishdi.
Ikki marta Baxtiyorov Xolboyevga 80 ming va 90 ming so‘mdan qarz berdi. Shundan so‘ng Xolboyev kamnamo bo‘lib qoldi.

Bir safar pul zarur bo‘lganida Baxtiyorov unga rosa qo‘ng‘iroq qilib, topa olmadi. Shunda jahl ustida “Qayerdasan, moshennik?” qabilida SMS yozib yubordi. Xolboyev darhol qo‘ng‘iroq qilib, Buxoroda ekanligini, Toshkentga qaytgach, gaplashib olishlarini aytib, dag‘dag‘a qildi.

Bir haftadan so‘ng u qaytib kelib, Baxtiyorovga uchradi va uni maktabning orqa hovlisiga olib chiqdi. “Nega meni moshennik deysan?” degan e'tirozlaridan janjal boshlanib ketib, Xolboyev Baxtiyorovni ura boshladi, so‘ng bo‘ynidan bo‘g‘ib oldi. Unga kuchi yetmagan Baxtiyorov yonidagi pichoqchani chiqarib, raqibining soniga ikki marta sanchib oldi. Shu taxlit ular uylariga qaytishdi.

Lekin oradan vaqt o‘tib, Xolboyevning jiyani Murod “o‘ch olish” maqsadida Baxtiyorovni so‘kib, uning eshigini gurs-gurs taqillata boshladi. Shunda Baxtiyorov militsiyaga murojaat qilishga majbur bo‘ldi.
Hozirlikda ikkala erkak sud oldida javob bermoqda.

Top