15:33 / 05.11.2015
2880

Xalqaro kurash uyushmasining XV kongressi bo‘lib o‘tdi

4 noyabr kuni Eronning Hurramobod shahrida Xalqaro kurash uyushmasining XV kongressi bo‘lib o‘tdi. Tashkilot saytida chop etilgan hisobotda ta'kidlanishicha, tadbirda bir qator muhim qarorlar qabul qilingan.

Kun tartibidagi birlamchi masala IKA yangi prezidenti va ijroiya qo‘mitasi a'zolarini 4 yil muddatga saylash bo‘ldi. Prezident etib Osiyo Olimpiya kengashi Osiyo o‘yinlari departamenti direktori Haydar Farmon saylandi. Quvaytlik mutaxassis 2014 yil yanvaridan buyon prezident vazifasini bajarib kelayotgan edi.

IKA raisi etib O‘zbekiston madaniyat va sport ishlari vazirining birinchi o‘rinbosari Murodjon Aliyev saylandi. Shuningdek, O‘zbekistonning yana bir vakili – Ramazon Po‘latov umumiy masalalar bo‘yicha prezidenti o‘rinbosari etib saylandi.

Shuningdek, kurashni rivojlantirishga qo‘shgan hissasining e'tirofi tariqasida IKA faxriy prezidentligiga kurashning xalqaro qoidalari muallifi hamda tashkilotning 1998-2014 yillardagi birinchi prezidenti Komil Yusupov tayinlandi.

Shundan so‘ng kongress ishtirokchilari Haydar Farmon tomonidan Osiyo Olimpiya kengashining kurashni 2018 yili Indoneziyada o‘tadigan yozgi Osiyo o‘yinlari rasmiy dasturiga kiritilganidan boxabar etildi. Shuningdek, kurash 2016 yili Vetnamda o‘tadigan Osiyo plyaj o‘yinlari hamda 2017 yili Turkmanistonda o‘tkaziladigan Osiyo jang san'atlari o‘yinlari rasmiy dasturlariga ham kiritildi.

Hindiston delegatsiyasi 2016 yil noyabrida Kochchi kurort shahrida o‘tkaziladigan 20 yoshgacha bo‘lgan yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati hamda XVI IKA kongressiga tayyorgarlik jarayoni xususida axborot berdi.
Bugun Hurammoboddagi Taxti sport kompleksida kurash bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi X jahon chempionati boshlanadi.

Top