23:07 / 06.11.2015
3760

Avstriyalik ayol qarindoshlariga zarda qilib 1 mln yevrolik qog‘oz pullarni burda-burda qilib tashladi

Avstriyalik 85 yoshli keksa ayol umumiy qiymati 1 mln yevroni tashkil qiladigan qog‘oz pullarni qarindoshlariga qoldirishni istamay, qirqib tashladi. Ayolning ismi oshkor etilmagan. The Sun nashrining yoziishicha, ayolning bu ishi uning qariyalar uyida o‘limidan keyin ma'lum bo‘ldi.

Keksa ayol umumiy qiymati 950 ming yevro bo‘lgan turli qiymatdagi minglab qog‘oz pullarni qirqib tashladi. Biroq bu voqeada ayolning yaqinlari oxirgi bo‘lib “kulishlari” mumkin, deb xabar bermoqda nashr. Bankirlarning ta'kidlashicha, agar ular pullarning parchalarini olsalar, ayolning yaqinlariga bu summani tiklab berishlari mumkin. Bundan voqif bo‘lgach ayolning qarindoshlari pullarning istalgan parchalarini qidirishga tushib ketishdi.

Mahalliy prokuror Erix Xabitsl yirtib tashlangan naqd pullar topilganini tasdiqladi. Uning ta'kidlashicha, ayol hech qanday qonunni buzmagan, chunki pullar uning shaxsiy mulki bo‘lgan. “Shuning uchun biz tergov boshlamadik”, deb aytdi prokuror.

Avstriya Milliy banki xodimi Fridrix Xammersshmidtning aytishicha, agar ayolning merosxo‘rlari pullarning parchalarini topa olsalar va ularning haqiqiyligi tasdiqlansa, unda “barcha yirtib tashlangan pullar butuniga almashtirib berilishi mumkin”.

Top