06:59 / 06.11.2015
16188

NATO generali: Rossiya armiyasining yangi imkoniyatlari bizni g‘aflatda qoldirdi

Rossiya armiyasining yangi texnik imkoniyatlari NATO uchun butunlay kutilmagan vaziyat bo‘ldi, deb aytdi Bryunsyumdagi (Niderlandiya) NATO birlashgan kuchlari qo‘mondoni, nemis generali Xans-Lotar Domryoze. Uning so‘zlarini Bild gazetasi keltirib o‘tdi.

“Prezident Putin qurollanishni shunchalik kuchaytirib yuborganki, biz buni kutmagandik. Bu bizni butunlay g‘aflatda qoldirdi”, deb aytdi general. 

General Domryozening aytishicha, “Kalibr” raketalarining Kaspiy dengizidan Suriyadagi nishonlarga otilishi Rossiyaning nazariy jihatdan shu tariqa Berlinga ham xavf sola olishi mumkinligini ko‘rsatdi.

Generalning fikricha, harbiy kuchlarning ayni paytdagi muvozanati xavf ostida, Rossiya esa Kaliningraddan tortib Kaspiy dengizigacha bo‘lgan bir qator hududlarda NATO ustidan ustunlikni o‘rnatishga qodir. “Putinda bizning ittifoqchilarimizga yeta olishimizni to‘sib qo‘ya oladigan salohiyat mavjud”, deb ta'kidlamoqda general.

Shu munosabat bilan NATOga Domryoze qo‘mondonlik qilayotgan Trident Juncture-2015 kabi katta ko‘lamdagi mashg‘ulotlar o‘tkazish zarur. Bu mashg‘ulotlar qo‘shinlarni mashq qildirish va kuchni namoyish qilish uchun kerak.

Ma'lumot uchun, Ispaniya, Portugaliya va Italiya hududida 21 oktabrdan NATOning Trident Juncture-2015 mashg‘ulotlarining faol bosqichi boshlandi va u 6 noyabrgacha davom etadi. Bu mashg‘ulotlarda 30 ta davlatdan, shu jumladan NATOga kirmaydigan Avstriya va Shvetsiyadan 36 mingga yaqin harbiy ishtirok etmoqda, 140 ta samolyot, 90 ta kema va suv osti kemalari jalb qilingan. NATO bosh kotibi Yyens Stoltenbergning aytishicha ushbu mashg‘ulotlar “NATOning barcha raqiblari”, shu jumladan Rossiyaga ogohlantirish bo‘lib hisoblanadi.  

Top