09:10 / 06.11.2015
3352

Qozog‘iston Milliy banki valyuta bozoridagi ishtirokini qisqartirishini e'lon qildi

Qozog‘iston Milliy banki valyuta zaxiralarini saqlash maqsadida ichki valyuta bozoridagi ishtirokini qisqartirishini e'lon qildi, deb aytilmoqda Milliy bank bergan matbuot bayonotida.

5 noyabrda Qozog‘iston fond birjasidagi savdolarda tengening o‘rtamiyona kursi bir kun avvalgi bir dollar uchun 284,28 tengedan 298,92 tengegacha ko‘tarilib ketdi va bu eng past ko‘rsatkich bo‘ldi. Dollarning valyuta ayirboshlash shoxobchalaridagi narxi bir dollarga 300 tengedan oshib ketdi.

Ma'lum qilinishicha, Qozog‘iston Milliy banki oltin-valyuta zaxiralarini saqlash maqsadida 5 noyabrdan o‘zining valyuta bozoridagi ishtirokini minimallashtirishga qaror qildi.

5 noyabrda tengening dollarga nisbatan ayirboshlash kursi bir kun avvalgi narxdan 5 foizga ko‘proqni tashkil qildi, biroq bu o‘zgarish moliyaviy barqarorlikka xavf solmaydi va Milliy bankning narxlar barqarorligiga erishish bo‘yicha maqsadlariga zid kelmaydi, deyilmoqda xabarda.

2015 yilning sentabr va oktabrida Qozog‘iston Milliy banki 20 avgustda e'lon qilgan tengening erkin kursiga o‘tish yondashuvidan og‘ishib, valyuta bozorida valyuta sotishni boshladi. Milliy bankning valyuta bozoridagi ulushi 60 foizgacha yetgan. Shu davr ichida Milliy jamg‘arma va Milliy bankning oltin-valyuta zaxiralari hisobiga 5 mlrd dollardan ko‘proq valyuta sotilgan.

Milliy bank tenge kursining katta o‘zgarishlarini silliqlash huquqini saqlab qolishini ma'lum qildi.

Tengening keyingi ayirboshlash kursi asosan jahon moliyaviy va savdo bozorlarida vujudga keladigan narxlar dinamikasiga bog‘liq holda shakllanadi.

Top