11:13 / 06.11.2015
9676

Tojikiston prezidenti Tojikiston Konstitutsiyasi kuni munosabati bilan yurtdoshlariga telemurojaat bilan yuzlandi

5 noyabrda Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon Tojikiston Konstitutsiyasi qabul qilinganining 21 yilligi munosabati bilan yurtdoshlariga telemurojaat bilan yuzlandi.

21 yil avval Tojikistonda umumxalq referendumida mustaqil Tojikistonning birinchi Konstitutsiya qabul qilingan edi.

Emomali Rahmonning ta'kidlashicha, bu muhim tarixiy hujjatning buyukligi va ahamiyatliligi shundaki, u birinchi marta fuqarolarning o‘z fikrlarini erkin bildirishlari orqali xalq tomonidan va xalq uchun qabul qilindi.

Tojikiston Konstitutsiyasi davlat uchun juda beqaror davrda qabul qilinishiga qaramasdan, hech qanday qiyinchilik va muammolar, jumladan Tojikiston davlati va xalqiga suqishtirilgan dahshatli fuqarolik urushi ham tinchliksevar va bunyodkor tojik xalqini haq yo‘ldan, zamonaviy milliy davlat barpo etish yo‘lidan og‘ishtira olmadi, deb ta'kidlab o‘tdi Rahmon.

Shuning uchun ham Konstitutsiya har bir tojik fuqarosining haqiqatan ham faxrlanishiga munosib, mustaqillik yillarida erishilgan muhim voqelik bo‘ldi.

Tojikiston prezidentining ta'kidlashicha, konstitutsion me'yorlar asosida inson huquq va erkinliklari kafolati hamda ularning himoya qilinishi davlat siyosatining asosiy ustuni hisoblanadi.

“Tojikistonda mustaqillik yillarida ko‘plab qiyinchilik va to‘siqlarga qaramasdan, konstitutsion me'yorlarga hurmat va ularni amalga oshirish tufayli biz erkin va demokratik muhit hukm surayotgan jamiyatni qura oldik, siyosiy barqarorlik, milliy birdamlik, davlat va millatning buguni va kelajagining mustahkamligi va uzoq umr ko‘rishi ta'minlangan.

Shuning uchun shavkatli va mag‘rur tojik xalqini Konstitutsiya kuni munosabati bilan tabriklayman va har bir oilaga tinchlik, totuvlik, baxt va farovonlik tilayman.
Konstitutsiyamiz bizning yo‘limizni hamisha chorag‘on etsin va eng yangi Tojikiston jamiyatini birlashtirsin!”, deb tojik ahlini chin dildan muborakbod etdi Tojikiston prezidenti.

Top