11:12 / 07.11.2015
12754

Buxorodagi Bolalar uyi tarbiyachisi 3 yoshli bolani kaltaklagani xabar qilindi

“Feysbuk” ijtimoiy tarmog‘idagi “Maslahat.uz” guruhida buxorolik foydalanuvchi o‘zini qiynayotgan voqea haqida yozib, guruhdoshlaridan maslahat so‘radi.

“Buxorodagi Bolalar uyiga bolalardan xabar olish uchun kirgandim. Ketayotib, bir bolaning yig‘lagan ovozini eshitdim. Derazadan qarasam, tarbiyachi opa 3 yoshli bolani vannaga olib kirib, ura boshladi. O‘zim bilmagan holda baqirdim, yuragim ezildi, bola bechora javrab qoldi... Tarbiyachi o‘zini oqlash uchun: hali urmadim, deb qoldi. Ko‘z o‘ngimdan ketmayapti. Qayerga murojaat qilish kerak? Begunoh bolalarning ahvoli har kuni shunday”, - deya ma'lumot qoldirdi buxorolik Iroda Axmadjanovna.

Mazkur post guruh a'zolari tomonidan qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

Aksariyat foydalanuvchilar tarbiyachining xatti-harakatini qoralashgan.

“Bolalarni yaxshi ko‘rmaganlar nima qilarkin bolalar bilan ishlab?! U bechoralarni qaqshatib oylik olib qanday tatirkin noinsofga?! Unday berahmlarni joyida hal qilish kerak! O‘ksik dilni qaqshatgan yaxshilikka erisholmiydi!”, deya izoh qoldirgan foydalanuvchilardan biri. Post muallifining izohda qo‘shimcha qilishicha, mehribonlik uylariga videokuzatuv kameralari o‘rnatilgan, shu sababli bolalarni vannaxonaga olib kirib urishadi.

I.Axmadjanovna Kun.uz muxbiri savoliga javob berar ekan, hodisaning 2015 yilning 8 avgust kuni Buxoro shahridagi Buxoro viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasining Bolalar uyida bo‘lib o‘tganini, jarayonni videotasvirga olishga ijozat berishmagani ma'lum qildi.

Top