00:09 / 07.11.2015
5723

Islom Karimov Oqsaroyda Jahon banki guruhi vakillarini qabul qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 6 noyabr kuni Oqsaroyda Xalqaro investitsiyaviy forumda ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha vitse-prezidenti Siril Myuller hamda Jahon banki guruhiga kiruvchi Xalqaro moliya korporatsiyasining vitse-prezidenti Dimitris Tsitsiragosni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonlarni yurtimizga tashrifi bilan qutlab, O‘zbekiston Jahon banki guruhi bilan hamkorlikni yuksak qadrlashini ta'kidladi.

O‘zbekiston bilan Jahon banki o‘rtasida samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Buning natijasida umumiy qiymati 6 milliard dollardan ziyod bo‘lgan 28 qo‘shma loyiha amalga oshirildi. Bu loyihalar elektr energetikasi, irrigatsiya va kommunal tarmoqlarni modernizatsiyalash, suv ta'minoti, ishlab chiqarish, transport va ijtimoiy infratuzilmalarni rivojlantirish kabi yo‘nalishlarni qamrab olgan. Ushbu loyihalarni moliyalashtirishda Jahon bankining ulushi 2,6 milliard dollarni tashkil etdi.

O‘zbekiston va Jahon banki o‘rtasidagi sheriklik munosabatlarida sog‘liqni saqlash sohasidagi hamkorlik alohida o‘rin tutadi. Uning doirasida Jahon banki 300 million dollardan ortiq miqdordagi uzoq muddatli imtiyozli kredit bilan 4 loyihani amalga oshirishni qo‘llab-quvvatladi.

Mamlakatimizda Xalqaro moliya korporatsiyasining 135 million dollar miqdoridagi investitsiyasi ishtirokida xususiy sektorni rivojlantirish bo‘yicha 20 loyiha amalga oshirildi.

Suhbat davomida Jahon banki guruhi vakillari O‘zbekistonda 2015-2019 yillarda iqtisodiyotni yanada isloh qilish, tarkibiy o‘zgartirish va diversifikatsiyalash bo‘yicha joriy yilda qabul qilingan strategik dasturlarning ahamiyatini alohida qayd etdi.

Mehmonlar Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasi O‘zbekiston iqtisodiyotini tubdan tarkibiy o‘zgartirish jarayonida faol ishtirok etishdan manfaatdor ekanini ta'kidladi. Shuningdek, asosiy sohalar bo‘yicha qabul qilingan dasturlar va qo‘shma investitsiyaviy loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilishini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

Hozir Jahon banki 2016-2020 yillarga mo‘ljallangan sheriklik strategiyasini tayyorlashni yakunlamoqda. Uning doirasida qiymati 4 milliard dollardan ziyod bo‘lgan 30 dan ortiq loyihani amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Bu yangi loyihalar elektr energetikasi, neft-gaz sanoati, transport, sog‘liqni saqlash, ta'lim, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, kommunal infratuzilma va boshqa sohalarni yanada rivojlantirishga qaratilgan. Xalqaro moliya korporatsiyasi bilan neft-kimyo, kimyo sanoati, muqobil energiya manbalari va moliya sohalarida istiqbolli loyihalar ishlab chiqilmoqda.

Uchrashuvda o‘zaro hamkorlikning ustuvor sohalari yuzasidan fikr almashildi, sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari va istiqbolli yangi loyihalarni ishlab chiqish masalalari muhokama qilindi.

Top