07:45 / 07.11.2015
3289

Moskva IIBB politsiyachi qotilligida gumon qilinayotganlar haqidagi axborotga 3 mln rubl va'da qildi

Moskva bo‘yicha Ichki ishlar bosh boshqarmasi matbuot xizmati boshlig‘i Andrey Galiakberov shahar politsiyasi shaharning janubi-sharqida politsiyachini o‘ldirganlikda gumon qilinayotgan ikki kishini qidirayotganini ma'lum qildi. Bu haqda “Interfaks” axborot agentligi xabar berdi.  

Avvalroq noma'lum shaxs hujjatlarini tekshirish maqsadida uni to‘xtatgan politsiyachini otib tashlagani ma'lum qilingandi. Jinoyat 6 noyabrda Moskva vaqti bilan soat 19:10 da Marinskiy park ko‘chasida sodir etilgan.

“Moskvaning janubi-sharqida politsiyachini o‘ldirganlikda gumon qilinib Shimoliy-Kavkaz Federal okrugida yashovchi 32 yoshli shaxs qo‘lga olindi. U bilan tezkor-tergov tadbirlari olib borilmoqda”, deb aytdi Galiakberov.

Galiakberovning aytishicha, “ayni paytda huquq-tartibot muassasalari tomonidan yana ikki nafar gumonlanuvchini qidirish va ushlash bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda”. Mas'ul shaxsning aytishicha, jinoyatchilar qurollangan va og‘ir jinoyatlarni amalga oshirganlik uchun federal qidiruvda bo‘lgan xavfli shaxslardir.

“Rossiya IIVning Moskva bo‘yicha bosh boshqarmasi politsiyachining qotilligida gumon qilinayotganlarni ushlashga yordam beruvchi axborot uchun 3 mln rubl miqdorida mukofot puli berishni kafolatlaydi”, deb qo‘shimcha qilib o‘tdi Galiakberov.

Top