10:52 / 07.11.2015
3014

Turkmanistonda yilning 10 oyi davomida YaIMning 7,5 foizlik o‘sishi qayd etildi

Turkmanistonda YaIM hajmidagi o‘sish ko‘rsatkichlari 2015 yilning 10 oyi davomida o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 7,5 foizga o‘sdi. Bu haqda Turkmaniston Vazirlar Mahkamasining 2015 yilning yanvar-oktabr oylari natijalari bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishida aytib o‘tildi.

Iqtisoddagi faol o‘sish savdo sohasida qayd etilgan (12 foiz). Bu sohada chakana savdo aylanmasi 19 foizga, xizmatlar ko‘rsatish hajmi 11 foizga o‘sgan.

Qurilish, transport-kommunikatsiya va qishloq xo‘jaligi sohasi o‘sishi 111 foiz, mahsulotlar ishlab chiqarishdagi o‘sish 106,5 foizga teng bo‘ldi.

Ijtimoiy sohalar rivoji uchun sarflangan mablag‘ning 79 foizi Turkmaniston davlat byudjyetidan ajratilgan.

Majlis chog‘ida Turkmaniston prezidenti farmoniga ko‘ra Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari Boymurot Hojimuhammedov sog‘ligidagi muammolar tufayli o‘z vazifasidan ozod etilgani ma'lum qilingan. Uning o‘rniga Yagsheldi Kakayev tayinlangan.

Shuningdek, prezident Gurbanguli Berdimuhammedov Turkmaniston-Afg‘oniston-Pokiston-Hindiston gaz quvuri qurilishi bo‘yicha qarorini imzolagan va bosh vazir o‘rinbosariga ushbu loyihaning amaliyoti bo‘yicha mas'ullikni topshirgan.

Top